Yosh tennischilarimiz muvaffaqiyati
Qozog‘istonda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqada yosh tennischilarimiz yorqin o‘yinlari bilan barchaning olqishiga sazovor bo‘lmoqda.
Qozog‘istonda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqada yosh tennischilarimiz yorqin o‘yinlari bilan barchaning olqishiga sazovor bo‘lmoqda.Aktobe shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi turnirning dastlabki davrasida tennischimiz Sanjar Fayziyev xorvatiyalik Nino Serdarusichni 7:6, 4:6, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va ikkinchi davrada xitoylik Xin Jao bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Ostona shahrida xotin-qizlar o‘rtasidagi turnirda Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Albina Xabibulina, Go‘zal Yusupova, Arina Fols kabi yosh tennischilarimiz ham g‘alabaga erishdi.
Birinchi davrada A.Xabibulina rossiyalik Anastasiya Saitova ustidan har ikkala setda 6:2 hisobida zafar quchdi. Endi u navbatdagi bahsda yana bir rossiyalik tennischi Aleksandra Pospelovaga qarshi kortga chiqadi.
Juftlik bahslarida Go‘zal Yusupova qozog‘istonlik sherigi Go‘zal Aynitdinova bilan mezbon tennischilar Dariya Detkovskaya va Kamilla Bo‘latovani 6:0, 7:6 hisobida yenggan bo‘lsa, Arina Fols va rossiyalik Margarita Lazerova rossiyalik Yuliya Brizgalova hamda Aleksandra Pospelovani 6:3, 7:5 hisobida mag‘lub etdi.
Chorak finalda G.Yusupova va G.Aynitdinova qozog‘istonlik Aleksandra Grinchishina va gollandiyalik Erika Vogelsang bilan A.Fols va M.Lazerova rossiyalik Anastasiya Nefedova va Alina Silich bilan bahslashadigan bo‘ldi.