Yosh tadbirkor qizlar tanlovi
Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.Toshkent shahar hokimligi, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasining shahar bo‘limi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar, ayniqsa, kasb-hunar kollejini bitirayotgan qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmasini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Saralash bosqichidagi suhbat va seminar mashg‘ulotlarida o‘zini ko‘rsatgan, ijtimoiy ahamiyatga ega biznes loyihalar ishlab chiqqan o‘n besh qiz tanlovning shahar bosqichida ishtirok etdi.
Tanlovning “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha” yo‘nalishida Toshkent iqtisodiyot va biznes kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Shohsanam No‘monjonova, Toshkent aviasozlik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Zarnigor Toshmuratova, “Servis sohasida eng yaxshi loyiha” yo‘nalishida Sergeli yengil sanoat va servis kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Maftuna Otaboyeva, Shayxontohur tibbiyot kolleji bitiruvchisi Xadichaoy Hojiyeva g‘olib deb topildi.
Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar taqdim etgan ishtirokchi qizlarga moliya muassasalaridan imtiyozli kreditlar ajratilishini kafolatlovchi sertifikatlar topshirildi.