Yosh sportchilarning yutuqlari
Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahri mezbonlik qilgan taekvondo “WT” bo‘yicha xalqaro “Youth Grand Prix 2026” musobaqasida namanganlik sportchilar Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, g‘oliblar qatoridan joy olishdi.

Dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan mohir sharqona yakkakurash ustalari ishtirokidagi ushbu musobaqada yosh sportchilarimiz o‘zining yuqori mahorati, matonati va g‘alabaga bo‘lgan intilishi bilan e’tibor qozondi.
Jumladan, nufuzli xalqaro musobaqada o‘z vazni toifasida tatamiga chiqqan Nurislom Qoriyev finalgacha yetib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.

59 kilogramm vaznda o‘z omadini sinab ko‘rgan Oydinaxon Mirzajonova hamda Amaliya Asqarova yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tib, bronza medallariga loyiq, deb topildi.

Qolaversa, musobaqa yakunida jamoamiz murabbiyi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, sportchilarni sifatli tayyorlash va salmoqli natijalar bo‘yicha maxsus kubok bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA