Yosh shifokorlarning ustama to‘lovlari undirib berildi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida davlat tomonidan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustama to‘lovlarni olish huquqi ta’minlandi. Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat olib borayotgan uch nafar salohiyatli yosh shifokorning qonuniy haq-huquqlari tiklandi.
Barchasi yosh shifokorlarning qonun bilan belgilangan maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari – ustamalarni ololmayotgani yuzasidan Dehqonobod tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishidan boshlandi. Ularning murojaatiga nisbatan befarqlik ko‘rsatilmadi: adliya organlari tomonidan masala huquqiy jihatdan to‘liq o‘rganildi va tibbiyot birlashmasining ustama to‘lovlarni to‘lamasligi qonunbuzarlik ekani aniqlandi.

Shundan so‘ng, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi. Biroq birinchi instansiya sudi da’voni asossiz deb topdi. Bu tabiiyki, yosh mutaxassislarning adolatga bo‘lgan ishonchini sinadi. Lekin adliya organlari kurashni to‘xtatmadi.
Dehqonobod tuman adliya bo‘limi tomonidan kassatsiya shikoyati berildi va 2025 yil 28 may kuni Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan hal qiluvchi qarori qabul qilindi: avvalgi qaror bekor qilinib, yosh shifokorlarning manfaatiga jami 22 million so‘m miqdoridagi ustama to‘lovlari undirib berildi.

Bu ish – yosh mutaxassislar o‘z haq-huquqlarini bilishi va ularni talab qilishdan chekinmasligi kerakligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga davlat idoralarining qonuniy manfaatlarni himoya qilishdagi qat’iyati barcha sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri