Yosh shaxmatchilarimizning g‘alabalari
Mamlakatimiz yosh shaxmatchilari Eronda o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 6 oltin, 3 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Mamlakatimiz yosh shaxmatchilari Eronda o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 6 oltin, 3 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida yurtimiz yoshlari xalqaro maydonlarda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Erondagi Osiyo chempionatida bu yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Etti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Alixon Avazxonov 7,5 ochko bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Iqtidorli shaxmatchimiz rapid va blits shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda ham muvaffaqiyatli qatnashib, ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi. Rapid yo‘nalishida Humoyun Sindorov birinchi o‘rinni egalladi.
Shu yoshdagi qizlar bahsida Afro‘za Hamdamova to‘qqiz imkoniyatdan 8 ochko jamg‘arib, Osiyo chempioni bo‘ldi, rapid va blits turnirlarda ham tengdoshlariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Nozima Valiyeva rapid va blitsda kumush va bronza medal bilan taqdirlandi.
Blits yo‘nalishida o‘n besh yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida Daler Vohidov birinchi, rapid yo‘nalishida to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida Rasulbek Abdullayev uchinchi o‘rinni egalladi.