Yosh qutqaruvchilar saralandi
Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Yosh qutqaruvchi – 2024” musobaqasining respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Ikki kun davom etgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning professional ta’lim hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan tuzilgan 28 ta jamoa belgilangan shartlar asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, professional ta’lim maktablari jamoalari o‘rtasida birinchi o‘rinni Andijon viloyati Paxtaobod tumani 2-son kasb-hunar maktabining “Temuriylar” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 1-kasb-hunar maktabi jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabining “Jasorat” jamoasiga nasib etdi.
[gallery-17647]
Umumta’lim maktablari jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda 1-o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 31- umumta’lim maktabining “Jayxun” jamoasi sazovor bo‘ldi. Musobaqada ikkinchi o‘rinni Andijon viloyati, Asaka tumanidagi 25-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining “Boburiylar” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Navoiy viloyati, Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktabining “Qutqaruvchi” jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘olib, sovrindor va barcha ishtirokchi jamoalarni Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Botirjon Ashurov tabrikladi.
G‘oliblar tegishli medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari