Yosh polvonlarimizning yutug‘i
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik shodiyonalariga sportchilarimiz ham munosib sovg‘a tayyorladi
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik shodiyonalariga sportchilarimiz ham munosib sovg‘a tayyorladi
Erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari Bosniya va Gersegovinaning Sarayevo shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, musobaqa shohsupasiga ko‘tarildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va bu borada yaratilgan keng imkoniyatlar yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi, xalqaro maydonlarda o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon qilishida muhim omil bo‘layotir. Sarayevo shahri mezbonlik qilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yosh sportchilarimiz qo‘lga kiritgan natijalar buning isbotidir.
Nufuzli musobaqaning yunon-rum kurashi bo‘yicha vazni 46 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida To‘rabek Tirkashev shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgani haqida xabar bergan edik.
Erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda qatnashgan Hasanboy va Husanboy Rahimovlar jahon chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Husanboy Rahimov vazni 85 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida yaponiyalik Shutaro Yamada, AQSh vakili Ouen Uebster va ozarbayjonlik Rashid Hamidli ustidan g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
Hasanboy Rahimov vazni 100 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida serbiyalik Aleksandar Pantelich, hindistonlik Husain Nosir va turkiyalik Yaqub Yerlikayani yengib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Xotin-qizlar kurashi bo‘yicha vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bellashuvida ishtirok etgan Shahodat Jo‘lliboyeva shvetsiyalik Rut Genberg, mo‘g‘ulistonlik Anudari Nandinsetseg va Puerto-riko vakili Gabriela Ramos ustidan g‘alaba qozonib, bronza medal bilan taqdirlandi.