Yosh olimlar Toshkentda jam bo‘ldi (+video)
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 58-Xalqaro kimyo olimpiadasining eng muhim va mas’uliyatli bosqichlaridan biri — amaliy imtihon bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo tarixida ilk bor ushbu nufuzli olimpiadaga O‘zbekiston mezbonlik qildi.
Dunyoning 90 dan ortiq davlatidan kelgan 1000 nafarga yaqin iqtidorli yosh kimyogar zamonaviy laboratoriyalarda tajriba o‘tkazish mahorati, tahliliy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan laboratoriya sinovlari xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada o‘tkazilib, ishtirokchilarning bilim, ilmiy salohiyat va amaliy tayyorgarligi baholandi.
Ushbu xalqaro olimpiada O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Bunday nufuzli tadbirga mezbonlik qilish mamlakatimizda ilm-fanga berilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir.
Bunday olimpiadalar g‘oliblarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Ular turli mamlakatlardan kelgan iqtidorli yoshlarni bir maydonga jamlab, ilm-fan orqali do‘stlik, tajriba almashish va hamkorlik muhitini shakllantiradi. Ertangi kunning buyuk olimlari, ixtirochilari va tadqiqotchilari aynan shunday maydonlarda o‘z iqtidorini namoyon qiladi. Ilmga sarmoya kiritgan davlat esa kelajagiga sarmoya kiritgan hisoblanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sCy2bkTR60M" title="Yosh olimlar Toshkentda jam bo‘ldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
S.Obidjonov (montaj), O‘zA