Yosh ofitserlar xizmatga kuzatildi
Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalarida yosh ofitserlarning tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlariga ham tantanali tarzda diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, bitiruvchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston harbiy salohiyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini berayotgani, professional armiyamiz saflarini malakali harbiy kadrlar bilan muntazam to‘ldirib borishda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi.
Oliy harbiy ta’lim muassasasi kursantlari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi usullari va faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari marosim mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Zangiota tumanidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutidagi bitiruv marosimi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Tantanali tadbirni mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Qodirjon Tursunov ochib berar ekan, barchani ushbu unutilmas kun bilan qutlab, ushbu maskan milliy harbiy kadrlarni tayyorlashda yetakchi harbiy ta’lim markaziga aylanganini, mazkur dargohda nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni davlatlardan kelgan kursantlar ham tahsil olishayotganini faxr bilan aytib o‘tdi.
Saf maydonida jangovar bayroq mag‘rur hilpiradi. Ofitserlarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.
So‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari barcha ustoz va harbiylarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari