Yosh musavvirlar uchun xalqaro tanlov boshlandi
O‘zbekistonlik yosh san’atkorlar xalqaro art-tanlovda ishtirok etib, Italiyadagi 61-Venetsiya biyennalesiga safar grantini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur tanlov Turkiyaning “Hitay” fondi tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti ko‘magida tashkil etilmoqda. Bu yilgi tanlovda ilk bor O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etadi. Shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Vengriyadagi badiiy oliy ta’lim muassasalari talabalari ham o‘z ijodiy ishlarini taqdim etishi mumkin.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi 10 nafar ishtirokchi Italiyada bo‘lib o‘tadigan 61-Venetsiya biyennalesiga 7 kunlik, barcha xarajatlari qoplangan safar granti bilan taqdirlanadi.
– Ushbu tadbir zamonaviy san’at sohasidagi eng nufuzli xalqaro ko‘rgazmalardan biri hisoblanadi. Biz tanlov orqali yosh ijodkorlarga jahon san’ati bilan tanishish, yangi g‘oya va yondashuvlarni o‘rganish imkoniyatini yaratishni maqsad qilganmiz. Turli mamlakatlar rassomlari o‘rtasida tajriba almashinuvi va xalqaro aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega”, – deya ta’kidladi “Hitay” fondi asoschisi va raisi Emin Hitay.
Tanlovda tasviriy san’at, haykaltaroshlik va fotografiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavriat hamda magistratura talabalari ishtirok etishi mumkin. Arizalar 2026-yil 30-iyunga qadar qabul qilinadi.
“Maslov:tashkent” jamoatchilik bilan aloqalar agentligining ma’lum qilishicha, “Hitay” fondi 2019-yilda tadbirkor va san’at kolleksioneri Emin Hitay tomonidan tashkil etilgan. Fondning asosiy maqsadi san’at sohasida faoliyat yuritayotgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro maydonda o‘zini namoyon etishiga ko‘maklashishdan iborat.
N.Ziyodullayeva, O‘zA