"Yosh musavvirlar" tanlovi g‘oliblari
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining ijrosi doirasida yoshlarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularni rassomlik san’ati haqidagi nazariy va amaliy bilimlar bilan keng tanishtirish orqali ularning qalbi va ongida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish hamda yoshlar o‘rtasida milliy va zamonaviy madaniyatni targ‘ib qilish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida "Yosh musavvir" tanlovining tuman, shahar, viloyat bosqichlari o‘tkazildi.
G‘oliblar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etib, o‘z iqtidorlarini namoyish etish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Sirdaryoda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yosh musavvir" tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 16-22, 23-30 yosh toifasidagi 28 nafar iqtidorli yosh ishtirok etdi.
[gallery-20911]
Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan 10 ballik baholash tizimi orqali baholab borildi. Bunda yosh musavvirlar tomonidan yaratilgan ijodiy ishdagi texnik mahorat (ranglar bilan ishlash, yorug‘lik va soyalarni ishlash mahorati), kompozitsiyaning ishlanish mahorati va uning tugallanganlik darajasi, ijodiy ishlar badiiy g‘oyasining tomoshabin hamda asar oldiga quyilgan vazifalarga mosligi inobatga olindi.
Va nihoyat tanlov g‘oliblari nomi ma’lum bo‘ldi. 16-22 yosh toifasida 1-o‘ringa surxondaryolik Karina Xudoynazarova sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2 o‘ringa sirdaryolik Farruxbek Mamadiyorov, 3 o‘ringa qashqadaryolik Asal Bekmuratova munosib deb topildi.
23-30 yosh toifasida 1-o‘ringa qoraqalpog‘istonlik Aynur Sapekeeva, 2-o‘ringa samarqandlik Muxlisa Fayzullayeva, 3-o‘ringa toshkentlik Botirjon Ismoilov musharraf bo‘ldi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritganlar tanlov nizomiga asosan pul mukofotlari, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbiri