“Yosh kitobxon” millat kelajagidir
Bugungi kunda yosh avlodni ma’naviy yetuk, bilimdon va keng tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos. Kitob insonni fikrlashga, izlanishga, hayotni teran anglashga undaydigan eng yaqin hamroh. Kitob inson qalbini boyitadi, ma’naviyatini yuksaltiradi va hayotga bo‘lgan qarashlarini kengaytiradi.
Yurtimizda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularni mutolaaga qiziqtirish va bilimga chanqoq avlod etib voyaga yetkazish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifaga aylangan. Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilib kelayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyatini namoyon etayotgan nufuzli ma’naviy-ma’rifiy loyihalardan biri hisoblanadi.
Mazkur tanlov 2017-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Uning asosiy maqsadi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda badiiy asarlar orqali mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Joriy yilda “Yosh kitobxon” tanlovining Buxoro viloyati bosqichiga jami 35 ming 950 nafar o‘g‘il-qizlardan arizalar kelib tushdi. Bu esa yoshlar orasida kitobga bo‘lgan mehr va ilmga intilish tobora ortib borayotganining yorqin dalilidir. Saralash bosqichlarida munosib ishtirok etgan 39 nafar iqtidorli yoshlar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
[gallery-28898]
Tanlovda ishtirokchilar ikki muhim shart asosida sinovdan o‘tdi. “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida ular o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalari bo‘yicha bilimlarini namoyon etib, asarlarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va badiiy qimmati haqida erkin fikr bildirdi.
“Tezkor savol-javob” shartda esa ishtirokchilarning hozirjavobligi, zehni o‘tkirligi va keng dunyoqarashi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida aniq va to‘g‘ri javob qaytarish yoshlarning bilim saviyasi qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatdi. Tanlovning eng ahamiyatli jihati shundaki, unda haqiqiy bilim, mehnat va intilish g‘olib bo‘ldi.
Tanlov yakunida turli yosh toifalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ular nafaqat mazkur musobaqa g‘oliblari, balki ertangi kunimizning ziyolilari, ilm-fan va taraqqiyot yo‘lida xizmat qiladigan fidoyi avlod vakillaridir. Bunday yoshlar mamlakatimiz kelajagini barpo etadigan, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan kuch sanaladi.
Kitob tafakkur manbai, bilim esa taraqqiyot kalitidir. Shubhasiz, bugungi kitobsevar yoshlar ertangi kunning yetuk mutaxassislari, ma’rifatli rahbarlari va yurt kelajagiga daxldor insonlari bo‘lib kamol topadi. Shu ma’noda, “Yosh kitobxon” tanlovi millat kelajagini belgilaydigan muhim ma’naviy maktab vazifasini bajarmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.