Yosh karatechilar chempionlik uchun bellashmoqda
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida karate (WKF) bo‘yicha kichik o‘smirlar hamda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida 750 nafardan ziyod sportchi-yoshlar g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan chempionat doirasida para karate yo‘nalishida ham bellashuvlar tashkil etildi.

Musobaqani adolatli va shaffof o‘tkazish uchun 45 nafar hakam jalb etilgan bo‘lib, ular tarkibida 18 nafar xalqaro, 15 nafar milliy toifadagi hamda 12 nafar sport hakamlari faoliyat olib bormoqda.

Yosh karatechilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning sport mahoratini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni saralab, xalqaro musobaqalarga tayyorlashga qaratilgan chempionat bugun, 29-mart kuni yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA