Yosh jurnalistlarga sertifikatlar topshirildi
Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston yoshlari – yorqin kelajak bunyodkorlari” loyihasi doirasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri o‘tkazildi.
Jurnalistika kasbiga qiziquvchi, “Fidoiy yoshlar” teleklubi havaskor yosh jurnalistlari ishtirok etgan uchrashuvda faxriy jurnalist, “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori G‘ulom Sultonov yurtimizda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, OAVlarining jamiyatimiz va ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni xususida so‘z yuritdi.
bugungi kunda jurnalist, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori G‘ulom Sultonov tashabbusi bilan “Yoshlar markazi” qoshida tashkil etilgan “Fidoiy yoshlar” teleklubida viloyatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 30 nafardan ortiq o‘quvchi va talaba yoshlar tajribali jurnalistlarning “Mahorat darslari”da qatnashib kelmoqda.
[gallery-9613]
Yosh jurnalistlar viloyat televideniyesining shanba dasturi orqali efirga uzatilayotgan uch soatlik “Kelajak yoshlari” teleloyihasini tayyorlab, o‘z mahorat va tajribasini oshirmoqda.
– O‘zim jurnalistika sohasiga qiziqaman, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi Sabina Ismatova. –Darsdan bo‘sh paytlarimda viloyat televideniyesida “Kelajak yoshlari” teleloyihasida ishtirok etib, “Qadriyat” nomli mualliflik ko‘rsatuvini tayyorlayman. Bu ko‘rsatuv yo‘qolib borayotgan o‘zbek milliy urf-odatlarini ko‘proq targ‘ib etishga qaratilgan.
Uchrashuv so‘ngida Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va jamiyatning boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi “Fidoiy yoshlar” teleklubining “Yangi O‘zbekiston yoshlari – yorqin kelajak bunyodkorlari” davlat ijtimoiy granti loyihasi doirasida yosh jurnalistlar uchun o‘tkazilgan o‘quv seminarlari va amaliy mashg‘ulotlarida faol qatnashgan bir guruh iqtidorli yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA