Yosh ijodkorlarning “Nigoh” seminari boshlandi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyatidagi “Parkent” ijod uyida yosh ijodkorlarning “Nigoh” ijodiy seminari boshlandi.
Kino va teatr san’ati dramaturgiyasi bo‘yicha ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu seminar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi hamkorligida tashkil etildi.

– Birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu ijodiy seminarni kelgusida yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi, yozuvchi va dramaturg, ssenariynavis G‘afur Eshmurodov. – Badiiy ijod sohasi vakillarining hamkorligini kuchaytirish, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash muhimdir.
–Bugun ijod ahliga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Ushbu seminar yangi-yangi badiiy asarlarga turtki berishiga ishonamiz.
–Yoshlar uchun ijodiy seminarlar ko‘p, – dedi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev. – Bu loyihada qatnashish uchun ijodiy salohiyati yuqori bo‘lgan ijodkorlar saralab olindi. Ishtirokchilarning bari o‘z ijod mahsuli bilan keldi. O‘ylaymanki, bu hamkorlik o‘zining natijasini beradi.

Sir emaski, bugungi kunda adabiyot, kino va teatr dramaturgiyasi sohasida ijod qilayotgan yoshlarning hamkorligini kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu esa badiiy barkamol, har jihatdan yetuk filmlar, seriallar, sahna asarlari yaratishda, ijodkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashda asosiy omil sanaladi.
Mazkur seminarda teatr va kino sohasida faol ijod qilib kelayotgan dramaturg, rejissyor va rassomlar, ssenariynavislar, operatorlar muayyan mavzu asosida konkret ssenariy yoki sahna asari ustida o‘zaro fikr almashadilar. Hamkorlikda ishlashning yangi istiqbollarini belgilab oladilar.
Shu bilan birga, seminar davomida yoshlarning kinossenariy va sahna asarlari tajribali ijodkorlar tomonidan puxta o‘rganilib, tahlil etiladi, mualliflarga kerakli maslahatlar beriladi. Eng yaxshi asarlar kelgusida kino va spektakllar uchun saralab olinadi. Ularning mualliflari rag‘batlantiriladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri