"Yosh gvardiyachilar" musobaqasi
Xorazm viloyatida Milliy gvardiya tashabbusi bilan umumta’lim maktablari o‘quvchi- yoshlari o‘rtasida tashkil etilib kelinayotgan “Yosh gvardiyachilar” harbiy sport musobaqasining joriy yilgi viloyat bosqichi yakuniga yetdi.
Musobaqada o‘quvchi- yoshlar o‘zlarining harbiy soha bo‘yicha egallagan boshlang‘ich bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Bu esa o‘z navbatida yoshlarni ham jismonan, ham aqlan yetuk mutaxassislar qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Yosh gvardiyachilar harbiy sport musobaqasining shahar va tuman bosqichida birinchilikni qo‘lga kiritgan 13 ta jamoa respublika bahslari yo‘llanmasi uchun viloyat bosqichida murosasiz va qizg‘in kurash olib borishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘rinni Urganch shahridagi 24-son umumta’lim maktabi jamoasi, 2-o‘rinni Gurlan tumanining 42-son umumta’lim maktabi jamoasi va faxrli 1-o‘rinni Yangiariq tumanidagi 37-son umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi.
– Yoshligimdan harbiylikka qiziqaman, – deydi yangiariqlik musobaqa g‘olibasi Husnijahon Qalandarova. – Ayniqsa, harbiy libosdagi ayollarni ko‘rsam, havasim keladi. Biz ham musobaqa bahonasida harbiy forma kiydik. Bu kiyim mas’uliyatimizni yanada chuqurroq his etishimga sabab bo‘ldi. Yurtga bo‘lgan sadoqatim, ushbu sohaga mehr-muhabbatim yana bir karra ortdi. Maktabimizdagi harbiy - vatanparvarlik sinfida biz muntazam ravishda harbiy bilim va ko‘nikmalarimizni oshirib kelmoqdamiz. Doimiy ravishda mahorat darslarida qatnashamiz.
[gallery-23287]
Musobaqa nizomiga muvofiq ushbu jamoalar “Yosh gvardiyachilar” harbiy sport musobaqasining respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi. Musobaqa yakunida g‘oliblarga hamda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga kubok, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari