Yosh gandbolchilarimiz Tolyattida mo‘jizaviy g‘alabaga erishdi
Rossiya Federatsiyasining Tolyatti shahrida o‘tgan XXII xalqaro bolalar gandbol festivalida Toshkentning ROPSTTM jamoasi g‘oliblikka erishdi.
Festivalning 2009-2010-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar birinchiligida yurtimiz sharafini himoya qilgan ROPSTTM jamoasi turnirning so‘ngi o‘yinida o‘ziga xos mo‘jiza yaratdi.

O‘zbekiston gandbol federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Arobiddin Imonboyev ustozlik qilgan yosh gandbolchilarimiz chempionlikni qo‘lga kiritishi uchun kuchli uchlikka kirgan, g‘oliblik yo‘lida Tolyattining «Medvedi» jamoasini 35:14 hisobida dog‘da qoldirgan Moskva viloyatining «Lider-1» jamoasini 60:35 ko‘rinishida, ya’ni 25 ta to‘p farq bilan mag‘lub etdi. Shunday qilib, ular XXII xalqaro bolalar gandbol festivali g‘olibiga aylandi.
Bu, muvaffaqiyat o‘zbek gandbolining kelajagi ishonchli qo‘llarda ekani, mamlakatimizda ushbu sport turi rivojlanayotgani va yosh toifasidagi jamoalarimizda o‘yin ko‘nikmasi yuksalayotganidan dalolatdir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA