Yosh atletlarimiz Xitoyda g‘olib bo‘ldi
Xitoyning Urumchi shahrida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlarda o‘tayotgan xalqaro turnirda atletlar U16, U18, U20 va kattalar yosh toifasida g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunida U16 yosh toifasida hamyurtimiz Dostonbek Abdumutalov yadro uloqtirish bahslarida 14,83 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. U18 yosh toifasidagi yadro uloqtirish bellashuvlarida esa Oybek Zarifjonov 15,05 metr natija bilan bronza medaliga ega chiqdi.
Uzunlikka sakrash bahslarida 18 yoshgacha bo‘lgan yosh atletlar orasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Anjelina Grechkina shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Kattalar o‘rtasida balandlikka sakrashda Amir Nagayev terma jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni keltirdi.
Shuningdek, Anastasiya Silchenkova musobaqaning U16 yosh toifasidagi 1500 metrga yugurish bahslarida belgilangan masofani birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Endi atletimiz 3000 metrga yugurishda bahslashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA