Yoniq qalbda san’at mo‘’jizasi
Dunyoning 20 dan ortiq davlatlari yosh skripkachilari ishtirokida Rossiya Federatsiyasining Saransk shahrida bo‘lib o‘tgan «Chudesa isskustva» (“San’at mo‘’jizasi”) I Xalqaro festivalida o‘zbek qizining san’atsevar yuragi, iste’dod ungan barmoqlari sehrini ko‘rsata olgan Farzona Yo‘ldosheva gran-pri bilan Farg‘onaga qaytgan edi.
2018 yilda Abxaziya Respublikasining Gagra shahrida o‘tkazilgan «Strana dushi» V Xalqaro ko‘rik-tanlovida ham uning iste’dodi yuksak baholangan. O‘shanda 14 yoshli skripkachining san’atdagi istiqboli, orzularining ro‘yobiga katta umidlar bildirilgani rost.
Farzonaning kuylari “Kamalak yulduzlari”, «San’at g‘unchalari» kabi o‘nlab san’at festivallari orqali butun respublikamiz bo‘ylab jarang sochdi. Uning 2019 yilda Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Hunarmandlar festivalidagi chiqishlari xorijiy sayyoh va ekspertlarning e’tiboriga tushdi. Bu esa yosh ijrochining yoniq qalbida san’atning chinakam mo‘’jizalari barq urayotganini anglatadi.
2020 yilda Ispaniyaning Loret De Mar shahrida bo‘lib o‘tgan “Sea Sun Content” (Quyosh dengiz festivali) tanlovi esa unga jahon musiqa bilimdonlari olqishiga sazovor bo‘lish baxtini tuhfa etdi.
Hozirda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabining torli cholg‘ular mutaxassisligi 10-sinfida tahsil olayotgan san’atsevar qiz mustaqil musiqiy asarlar yozishga intiladi, jahon musiqasining nodir namunalari kolleksiyasini yaratadi, ingliz va rus tillarida ravon so‘zlaydi, shuningdek, sportning yengil atletika turi bilan shug‘ullanadi.
8 mart-Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, Farzona Yo‘ldosheva Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Yuksak e’tibor va ishonch timsoli bo‘lgan ushbu mukofot ona yurtning baxtli qizi, Farg‘onaning Farzonasini yangi-yangi ijodiy zafarlar, yorug‘ istiqbol sari yo‘llaydi, albatta.
M.Sulaymonov, O‘zA