Yong‘indan ogohlik — hayot kafolati
Yong‘in tilsiz yov. Bekorga xalqimiz “o‘t balosidan asrasin” demagan. Chunki yong‘in katta moddiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi bilan birga, inson hayoti va salomatligiga ham jiddiy xavf soladi. Shu bois yurtimizda yong‘inlarning oldini olish va aholida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 avgustdagi “Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan mamlakatimizda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilmoqda.
Shu doirada Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan Guliston jamoat salomatligi texnikumida profilaktik uchrashuv tashkil etildi. Unda ichki ishlar organlari, mahalla uyushmasi hamda kasb-hunar ta’limi bo‘limining vakillari ham qatnashdi.
Tadbirda talabalarga yong‘in kelib chiqish sabablari, uning oldini olish choralari va xavfsizlik qoidalari haqida tushuntirishlar berildi. Amaliy mashg‘ulotlarda esa yong‘in-qutqaruv texnikalari va jangovar kiyimlar namoyish etildi. Shuningdek, talabalar birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari yordamida shartli yong‘inni bartaraf etish ko‘nikmasini ham sinab ko‘rdilar.

– Bugungi uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarimizda xavfsizlik madaniyatini shakllantirishdir, – deydi Sirdaryo viloyati FVB Yong‘inlar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Abdurauf Esonov. – Chunki kichik bee’tiborlik katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Shu bois biz nazariya bilan cheklanib qolmasdan, amalda ham to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini o‘rgatyapmiz. Bu bilimlar ularga hayotiy vaziyatlarda albatta kerak bo‘ladi.
Uchrashuv ishtirokchilari ham bunday tadbirlar ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, xavfsizlik qoidalariga yanada mas’uliyat bilan yondashishlariga yordam berishini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri