Yo‘lsozlar “Zakovat” da o‘z bilimlarini sinadi
Termiz shahridagi “Nigina” tantanalar saroyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ishchi-xodimlari o‘rtasida tashkil etilayotgan “Zakovat” intellektual o‘yinining Surxondaryo viloyat saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yilning fevral oyida mamlakatimiz yo‘lsozlarining “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish belgilangan. Ishchi-xodimlarning intellektual bilimini sinovdan o‘tkazib, aqliy salohiyatini mustahkamlash, huquqiy savodxonligini oshirish va ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishga yo‘naltirilgan tadbirda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ul xodimlari, viloyat bosh boshqarmasining davlat muassasalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


“Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat saralash bosqichida voha yo‘lsozlaridan shakllantirilgan har biri olti ishtirokchidan iborat 16 ta jamoa o‘z bilimlarini keng namoyish etdi.
Qizg‘in bahslar asosida o‘tgan o‘yinda yo‘l qurilishi sohasiga oid huquqiy-normativ hujjatlar, xalq og‘zaki ijodi, badiiy adabiyotga oid hamda mantiqiy, chalg‘ituvchi va qiziqarli savollar o‘rtaga tashlandi. Yakunda eng ko‘p ball to‘plagan Sariosiyo tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasining “Sangardak” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Muzrabot tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasining “Yo‘lchilar” jamoasi ikkinchi, Uzun tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasining “Bobotog‘” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.


G‘oliblar statuetka, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, turli nominatsiyalar g‘oliblari ham aniqlanib, rag‘batlantirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri