Yo‘lsozlar yo‘llarning ravon bo‘lishini ta’minlamoqda
Tahlillarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarining 25 foizi avtomobilning tormozlash tizimidagi nosozliklar sababli kelib chiqar ekan. Shuningdek, yo‘ldagi notekislik, turli chuqurlarning borligi, chiziqlarning mavjud emasligi yoki borlarining ham sifatsizligi, harakatlanishga xalaqit beruvchi to‘siqlar, sifatsiz yo‘l qoplamalari ham yo‘llarda salbiy holatlarning kelib chiqishiga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.
Ob-havo, tabiiy muhit, namgarchilik, tuman, yo‘llardagi muzlamalar ham harakatlanish xavfsizligiga ta’sir qiladi. Sanab o‘tilgan omillarning ichida bugungi kunda jiddiy muammolardan biri – bu piyodalar bilan bog‘liq holatlar. Bunda maxsus o‘tish joylarining yetarlicha tashkil etilmagani, mavjudlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi kabilar bilan bog‘liq.
Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bugunning og‘riqli muammosi. Mamlakatimizda yangi yo‘llar qurilishi va ta’miri borasida qanday ishlar qilinmoqda? Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva hududlardagi ta’mirlanayotgan yo‘llar haqida ma’lumot berdi.

– Bugun yurtimizning qay bir hududiga bormang, ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lasiz. Joylarda aqlli svetoforlar o‘rnatish, piyodalar o‘tishi uchun xavfsiz joylar, yo‘laklar barpo etish, piyodalar, transport vositalari uchun estakadalar qurish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Avtomobil yo‘llarida yilning to‘rt faslida ham ishlar qizg‘in davom etadi. Qishning sovug‘i, yozning jaziramasi yo‘lsozlarning zimmasidagi vazifasini bajarishga to‘sqinlik qilmaydi. Har qanday vaziyatda ham ular yo‘llarning ravon bo‘lishi uchun astoydil mehnat qilmoqda.
Xususan, Jizzax viloyati misolida qaraydigan bo‘lsak, Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tasarrufidagi Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi tomonidan Jizzax erkin iqtisodiy zonasi hududida 1650 m yo‘l qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘l yuk tashishga moslab 3 bosqichda, 30 sm beton qoplama, 12 sm yirik shag‘al aralashmali asfalt, 6 sm mayda shag‘alli asfalt bilan qoplanadi. 10 — 13 tonnalik katoklar yo‘lning mustahkamligini ta’minlaydi. Bu ishlarga 30 ta maxsus texnika va 40 nafardan ziyod ishchi-xodim jalb qilingan. Zomin aeroportidagi qayta qurish ishlari ham yakuniga yetish arafasida. Aerodromning uchish-qo‘nish yo‘lagi 1900 metrdan 2100 metrga uzaytirildi. Perron 12865 metr kv bo‘lib, yurish yo‘lagi 6406 metr kv.ga yetkazildi. Bu ishlarga 4 ta yo‘l tashkiloti ishchi guruhi jalb qilingan.

Piyodalar o‘tish joylarida sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida Navoiy viloyati Navbahor tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan umumfoydalanuvdagi davlat ahamiyatiga ega 4R63 “Kogon sh. — Quyimozor suv ombori — Qiziltepa sh. — Toshrabot q. — Arabsaroy q. — Yangiqo‘rg‘on q.” avtomobil yo‘lining 82—84 km qismlarida piyodalar yo‘lagini qurish ishlari bajarilmoqda. Viloyatda davlat ahamiyatiga ega 4R57 avtomobil yo‘lining 5—7-kmlar oralig‘ida asfalt qoplamasi yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, ushbu yo‘lda yo‘lning ikki tomonida suv qochirish uchun lotoklar, piyodalar va velosipedlar uchun yo‘laklar hamda yoritish tarmoqlari o‘rnatiladi.
Namangan viloyatida ham avtomobil yo‘llarida aholiga ravon, shu bilan birga xavfsiz yo‘l tizimini takomillashtirish sohasida keng qamrovli ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R121A avtomobil yo‘lining 0—3-kilometrlari oralig‘ida joriy ta’mirlash ishlari qilindi. Chortoq tumanida ham yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.

Xususan, Namangan viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tasarrufidagi Chortoq tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan A.Navoiy mahallasidan o‘tuvchi 4R117 avtomobil yo‘lining 42—43-kilometrlari oralig‘ida yo‘llarda haydovchi va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l ajratish to‘sig‘ini o‘rnatish, joriy ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Ayni paytda yo‘l to‘sig‘ini o‘rnatish uchun dastlabki betonlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan “Xonqo‘rg‘on” MFY dan o‘tuvchi mazkur yo‘lga 85 tonna asfalt yotqizildi va ta’mirlash ishlariga 5 ta maxsus texnika, 15 nafar ishchi-xodim jalb qilindi. Sardoba tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan davlat ahamiyatidagi 4R199 “R33 avtoyo‘li—Paxtaobod q. —4R32 avtoyo‘li” avtomobil yo‘lining 26—30-kilometrlari oralig‘ida yoritgichlarning nosoz chiroqlarini yangisiga almashtirish va (RP) yo‘l qaytargichlarni oqlash ishlari bajarildi.

Qashqadaryo yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan xalqaro ahamiyatdagi M39 “Almati — Bishkek —Toshkent —Shahrisabz —Termiz” avtomobil yo‘lining 1189-kilometr qismidagi yo‘l ko‘rsatuvchi pannolarni bo‘yash ishlari hamda Qarshi Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan davlat ahamiyatidagi 4R 87 “A378 avtomobil yo‘lidan — Qarshi shahriga kirish” avtomobil yo‘lining 49—52- km qismlarida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda.
Farg‘ona shahridagi 4R145 “Farg‘ona shahar aylanma yo‘li” ning 9—12-kmlar oralig‘ida yo‘l ta’miri ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu avtomobil yo‘lining 2500 kv metrdan ortiq qismiga asfalt-beton qoplamasi yotqizilmoqda. 350 tonna asfalt-beton yordamida 3 km yo‘lning ravonligi ta’minlanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA