Yo‘ldagi hushyorlik salomatlik garovi
Yo‘ldagi har bir qadam, har bir qaror va har bir ehtiyot chorasi inson hayoti bilan bog‘liq. Yo‘ldagi bir lahzalik e’tiborsizlik ba’zan bir umrlik pushaymonga aylanishi mumkin. Shu bois yo‘l harakati qoidalariga amal qilish oddiy talab emas, avvalo, inson hayoti va salomatligiga daxldor mas’uliyatdir. Bu mas’uliyat faqat haydovchiga emas, yo‘l harakatida ishtirok etayotgan har bir insonga tegishli.
Sirdaryo viloyatida respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yo‘lovchi” loyihasi doirasida yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish, bolalar va yoshlarda yo‘lda hushyorlik va ehtiyotkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari keng qamrovda davom etmoqda.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, O‘zbekiston bolalar tashkilotining Sirdaryo viloyati bo‘limi, Guliston davlat universitetining “Qalqon” jamoatchilik guruhi hamda Sirdaryo viloyati IIB YHXB hamkorligida “Yo‘lovchi” loyihasi doirasida Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo tumanida qator uchrashuv va targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

Ularning manzili ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, markaziy ko‘chalar va piyodalar o‘tish joylarini qamrab oldi. Asosiy maqsad yo‘l harakati qoidalarini bilishdan ko‘ra, ularga amal qilish odatini shakllantirishdir.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab hamda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari bilan muloqotlarda piyodalar o‘tish joyidan to‘g‘ri foydalanish, svetofor ishoralariga amal qilish, transport vositalari harakatini baholash va yo‘lda hushyorlikni saqlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, telefonga chalg‘ish, shoshib harakat qilish yoki belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tish kabi odatiy xatolarning oqibatlari hayotiy misollar orqali tushuntirildi. O‘quvchilar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, xavfsiz harakatlanish bo‘yicha zarur tavsiyalarni oldi.
Loyiha doirasidagi targ‘ibotlar ta’lim muassasalari bilan cheklanmadi. Guliston va Shirin shaharlarining markaziy ko‘chalarida, jumladan, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida aholi va yo‘lovchilar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazildi.

Targ‘ibot ishlari harbiy xizmatchilarni ham qamrab oldi. Shirin shahridagi “Sirdaryo IES” ob’ektining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda Sirdaryo tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi bataloni harbiy xizmatchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda transport vositalaridan xavfsiz foydalanish, yo‘lovchilarning huquq va majburiyatlari hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish masalalari muhokama qilindi.

Sirdaryo tumanidagi 6-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida faoliyat yuritayotgan “Jasorat maktabi” o‘quvchilari bilan muloqotlar esa savol-javob va interaktiv mashg‘ulotlar asosida tashkil etildi. Bu jarayonda yoshlarning yo‘lda xavfsiz harakatlanish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Targ‘ibot yakunida ishtirokchilarga yo‘l harakati xavfsizligiga oid eslatma va tarqatma materiallar berildi.

— Yo‘l harakati xavfsizligi haqida gap ketganda, ko‘pincha birinchi navbatda haydovchi mas’uliyati haqida so‘z yuritiladi. Aslida esa bu masala barchamizga daxldor. Ayniqsa, bolalar va yoshlarni yo‘lda o‘zini tutish qoidalariga erta o‘rgatish, ularda ehtiyotkorlik va mas’uliyat hissini shakllantirish juda muhim. Chunki bugun o‘rganilgan oddiy bir qoida ertaga inson hayotini asrab qolishi mumkin. “Yo‘lovchi” loyihasining ahamiyati ham shundaki, yo‘l harakati qoidalarini shunchaki tushuntirish bilan cheklanmasdan, ularni kundalik hayotda to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirishga harakat qilinmoqda. Zero, yo‘lda har bir insonning mas’uliyati, hushyorligi va bir-biriga hurmati umumiy xavfsizlikni belgilaydi. Bugun yoshlarga berilgan to‘g‘ri tushuncha ertaga uning o‘zini yoki boshqa bir insonni xavfdan asrab qolishi mumkin, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashining mas’ul xodimi Furqatjon Azimov.


Darhaqiqat, yo‘lda xavfsizlikni ta’minlash faqat qonun-qoida yoki nazorat masalasi emas. U insonning kundalik odati, madaniyati va mas’uliyatiga aylangandagina kutilgan natija beradi. Haydovchi tezlikni me’yorda saqlasa, piyoda belgilangan joydan o‘tsa, yo‘lovchi xavfsizlik talablariga amal qilsa barcha noxush voqealar barham topadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri