Yo‘l infratuzilmasining iqtisodiy samaralari
Har gal avtomobilda uzoq yo‘lga safarga chiqqanimda bir haqiqatni anglab yetaman: Yo‘llar qayerdadir boshlanib, qayerdadir tugamaydi. Yo‘l har bir hududning imkoniyatlarini bir-biriga bog‘lab turadi.
Yo‘lga qarab hududning bugunini ham, ertasini ham tasavvur qilish mumkin. Yangi asfaltlangan ko‘cha — shunchaki obodlik belgisi emas. U odamning manziliga tezroq yetishi, tadbirkorning mahsulotini bozorga olib chiqishi, bolaning maktabga, bemorning shifoxonaga xavfsiz borishi, sayyohning tarixiy shaharga qulay yetib kelishi demakdir. Shu ma’noda yo‘l masalasi har doim siyosat darajasidagi strategik vazifa bo‘lib qoladi. Chunki yaxshi yo‘l qayerdan o‘tsa, o‘sha hududning iqtisodiy imkoniyatlari ham kengayadi.

Yo‘l qurish — hududni iqtisodiy harakatga keltirish demak
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyati Jondor tumanidagi loyiha buning yaqqol misoli. “Namgoni” MFYda 1,5 gektar maydonda zamonaviy qurilish materiallari savdo va ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilmoqda. Bir qarashda buni faqat tadbirkorlik loyihasi deb baholash mumkin. Ammo uning ishlashi uchun yo‘l ham kerak. Shu sababli majmuaga olib boruvchi yo‘llarni rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish ishlari ham parallel ravishda olib borilmoqda.

Bu yerda muhim bir jihat bor: infratuzilma iqtisodiyotning ortidan emas, ko‘p hollarda uning oldidan borishi kerak. Mutaxassisning ta’kidlashicha, yo‘l bo‘lmasa, yangi korxona qurilishi, ish o‘rinlari yaratilishi yoki investitsiya kiritilishi kutilgan samarani bermasligi mumkin.
Asfaltlangan har bir kilometrning ortida qanchalik mashaqqat bor?
Sirdaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlaridagi ishlar ham yo‘l ta’mirining oddiy “qoplamani yangilash”dan ancha katta vazifa ekanini ko‘rsatadi.

Hozirda Sardoba tumanida D063 avtomobil yo‘li ta’mirlanmoqda. Oqoltinda ham davlat ahamiyatidagi D041 yo‘lining 40–47 kilometrlarida asfalt yotqizilmoqda. Furqatda 40V064 avtomobil yo‘lining 38–42 kilometrlarida nuqsonlar bartaraf etilmoqda. Boysunda “Darband–Machay”, Sariosiyoda esa “Tortuli–G‘azarak–Erman” yo‘llarida ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Bu raqamlar ortida esa juda oddiy, ammo aholi uchun muhim natija turibdi: kamroq vaqt, xavfsizroq harakat va kamroq transport xarajati. Ayniqsa, Sariosiyoda rejalashtirilgan 5 kilometrlik yo‘lning 2,5 kilometri allaqachon ta’mirlangani, qolgan qismida yer ishlari olib borilayotgani kabi ko‘rsatkichlar yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich yaxshilash jarayonini ko‘rsatadi.
Yo‘l bor joyda chegara ham yaqinlashadi
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi loyihaning ahamiyati esa yanada kengroq. Davlat ahamiyatidagi D107 avtomobil yo‘lining 29–37-kilometrlarida 8 kilometrlik qismda qatnov yo‘li kengaytirilib, asfalt yotqizilmoqda. Bu yo‘l “Kosonsoy” chegara bojxona postiga olib boradi. Demak, bu yerda yo‘lning sifati faqat mahalliy aholi uchun qulaylik emas. U tashqi savdo, transport oqimi va O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar uchun ham muhim. Shu ma’noda yo‘l — hududlarni emas, iqtisodiyotlarni bog‘laydigan infratuzilma.

“Urganch – Xiva”: masofa emas, vaqt qisqarmoqda
Yo‘l infratuzilmasining iqtisodiy samarasini “Urganch – Xiva” pulli avtomobil yo‘li misolida yanada aniqroq ko‘rish mumkin. 35 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li, yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti — bu oddiy yo‘l qurilishi emas, balki yaxlit transport infratuzilmasini yaratish. Eng qiziqarli natija esa vaqtda namoyon bo‘ladi: avval Urganchdan Xivaga 45–50 daqiqada borilgan bo‘lsa, yangi to‘rt tasmali magistral orqali bu ko‘rsatkich 15–17 daqiqagacha qisqaradi. Demak, yo‘l masofani o‘zgartirmasligi mumkin, ammo vaqtni o‘zgartiradi. Zamonaviy iqtisodiyotda esa vaqt — eng qimmat resurslardan biri. Sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan magistralning turizm uchun ahamiyati ham katta. Urganch aeroportidan Xivagacha harakatning tezlashishi sayyohlar uchun qulaylik yaratadi, Xivaning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Pullik yo‘l — yangilik, yangi yondashuv
“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri sohadagi yondashuvlarni ham o‘zgartirmoqda. Hujjatda yo‘llarni ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalash, qarorlarning ochiqligi, harakat xavfsizligi, ekologik talablarga rioya qilish va fuqarolarning yo‘llardan teng foydalanishi kabi prinsiplar belgilab qo‘yilgan. Pullik yo‘llarni tashkil etish imkoniyati ham shu tizimning bir qismi. Ammo bu yerda asosiy shart bor: pullik trassa faqat uning bepul muqobili mavjud bo‘lgan taqdirdagina tashkil etiladi. Bu yondashuv muhim savolni o‘rtaga qo‘yadi: yo‘l faqat qurilishi emas, uning sifati, xavfsizligi, samaradorligi va keyingi ekspluatatsiyasi ham iqtisodiy hisob-kitoblar asosida tashkil etilishi kerak.

Ayni damda “Urganch – Xiva” yo‘lida transport oqimi va to‘lovlarni boshqarishning sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshirilishi esa sohaning raqamlashib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugun hududlardagi yo‘l ta’miriga qarab, bu sohadagi ishlar bir nuqta yoki bir viloyat bilan cheklanmayotganini ko‘rish mumkin. Buxoroda yangi ishlab chiqarish majmualariga infratuzilma yaratilmoqda. Sirdaryoda mahalliy va davlat ahamiyatidagi yo‘llar ta’mirlanmoqda. Farg‘ona va Surxondaryoda yo‘l qoplamalari yangilanmoqda. Namanganda esa xalqaro harakat uchun muhim yo‘nalish kengaytirilmoqda. Xorazmda esa turizm va transportni birlashtiruvchi zamonaviy magistral ishga tushirilgan. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida D213 “Urganch–Xonqa–Hazorasp–Amudaryo daryosi A380” avtomobil yo‘lining 84 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bularning barchasini bir nuqtada birlashtirish mumkin: yo‘l qurilishi — obodonlashtirish emas, iqtisodiy siyosatning bir qismi. Chunki yo‘l bor joyga investitsiya kirishi osonlashadi. Mahsulot bozorga tezroq yetib boradi. Turizm rivojlanadi. Qishloq va shahar o‘rtasidagi aloqa kuchayadi. Yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Aholining kundalik hayotida esa eng oddiy, ammo juda qadrli narsa — vaqt tejaladi.

Shuning uchun sifatli yo‘lni “asfaltlangan ko‘cha” deb emas, taraqqiyotni harakatga keltiradigan iqtisodiy arteriya deb qarash kerak. Yo‘l qanchalik sifatli bo‘lsa, imkoniyatlar ham shunchalik uzoqqa yetib boradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA