Yo‘l infratuzilmasi yanada yaxshilanmoqda
Yo‘llarning uzoq xizmat qilishi nafaqat ularning sifatli qurilishiga, balki yo‘l harakati ishtirokchilari, xususan transport vositasi haydovchilarining yo‘l madaniyati, tartib-qoidalariga amal qilishiga ham bog‘liq.
Xo‘sh, hududlarda yo‘l sifatini yaxshilash borasida qanday amaliy ishlar qilinmoqda?
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-dekabrdagi “2024—2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilish-ta’mirlash ishlari boshlandi. Xususan, davlat ahamiyatidagi 4R176 avtomobil yo‘lining 0—9,3-kilometr qismlarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur avtomobil yo‘lida olib borilayotgan qurilish ishlari uchun 25 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi yo‘lsozlari tomonidan mahalliy ahamiyatdagi 4N289 “Komilon q. — Mesit q. — Boydoqchi q.” avtomobil yo‘lining 3 — 4- km qismlari oralig‘ida kartasimon ta’mirlash ishlari olib borildi. Sirdaryo viloyati Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan xalqaro ahamiyatga ega A-373 “Guliston — Bo‘ka —Angren — Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh” avtomobil yo‘lining 26 — 29-kilometrlari oralig‘ida ta’mirlash ishlari ham jadal davom etmoqda. Sirdaryo tumanida davlat ahamiyatidagi 4R-29 “M-34 avtoyo‘li — M-39 avtoyo‘li — Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 8 — 9-kilometrlari oralig‘ida yangi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda.

Qayd etish lozimki, joriy yilning may oyida Surxondaryo viloyatida o‘tkaziladigan “Boysun bahori” xalqaro festivaliga ko‘plab xorijiy davlatlardan mehmonlar kelishi kutilmoqda. Ularga qulayliklar yaratish hamda yo‘l infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida Boysun tumanida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu madaniy tadbirga tayyorgarlik asnosida nafaqat tuman markazi, balki, ichki ko‘chalar ham tubdan ta’mirlanmoqda.

Ushbu jarayonga Surxondaryo viloyati Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Mazkur korxona ishchi-xodimlari tomonidan Boysun tumanidagi birgina Chorchinor mahallasining 6 ta ko‘chasi to‘liq asfaltlandi. Ayni kunlarda Mehrigiyo ko‘chasiga asfalt-beton qoplamasi yotqizilmoqda. Bunga 20 ta maxsus texnika hamda 28 nafar ishchi-xodim jalb etilgan. Jarayonlar izchillik bilan olib borilmoqda.

Navoiy viloyati Uchquduq tumanida xalqaro ahamiyatga ega A-379 avtomobil yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida shovqin chizig‘ini chizish ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda Mirzaobod tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan xalqaro ahamiyatga ega M-34 “Toshkent — Dushanbe” avtomobil yo‘lining 137—136-kilometrlari oralig‘ida issiq asfalt-beton qoplamasi yotqizilmoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan M37 “Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi” xalqaro avtomobil yo‘lining 251 kilometrida ta’mirlash, saqlash ishlaridan tashqari, qayrilib olish qismlarida bo‘yash hamda ijodiy yondashgan holda chaqiq tosh bilan landshaftlash ishlari olib borilmoqda.


Ta’kidlash kerakki, joriy yil 1-maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtoyo‘llarni ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA