"Yog‘ochga naqsh etib boqiy sir, mavo..."
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining "Akademiya" galereyasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faxriy professori, taniqli fotograf Abdug‘ani Jumayevning "Yog‘ochga naqsh etib boqiy sir, mavo..." deb nomlangan shaxsiy fotoko‘rgazmasi ochildi.
Ushbu fotoko‘rgazma qo‘li gul ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq rassomi Ortiq Fayzullayev xotirasiga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov Ortiq Fayzullayev ijodda ham, odamiylikda ham ibrat olsa arzigulik inson bo‘lganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, ko‘plab xalqaro festival va tanlovlarning g‘olibi bo‘lgan, nainki yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham nom qozongan Ortiq Fayzullayev kamtarin, samimiy, mehnatsevar, o‘z ishiga, milliy san’atimizga, xalqimizga sadoqatli insonlardan edi.

U ishlagan yog‘och o‘ymakorligi bezaklari mamlakatimizdagi eng nufuzli ma’muriy binolar, muzeylar, madaniyat va san’at maskanlarini bezab turibdi. Ustoz Ortiq Fayzullayev o‘z faoliyatida milliy an’analarimizni saqlab qolish, ularni ko‘z qorachig‘idek avaylashga katta e’tibor qaratgan edi.
Fotoko‘rgazmada mohir ijodkor Ortiq Fayzullayev faoliyati, ustaning hayot yo‘li aks ettirilgan betakror fotosuratlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri