Yoʻllanma bitta, daʼvogarlar esa uchta...
Xabaringiz bor, shu yil 22-26 mart kunlari Toshkentda U-22 Osiyo chempionatiga saralash bahslari boʻlib oʻtadi
Xabaringiz bor, shu yil 22-26 mart kunlari Toshkentda U-22 Osiyo chempionatiga saralash bahslari boʻlib oʻtadi.
“Paxtakor” stadionida tashkil etiladigan saralash oʻyinlarida Lyubinko Drulovich boshchiligidagi Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi bilan birga Hindiston va Tojikiston olimpiyachilari ham kelgusi yil Tailand davlati mezbonlik qiladigan qitʼa chempionatiga yoʻllanma olish uchun kurash olib boradi. Yaʼni, Osiyo chempionatining final bosqichiga faqat guruh gʻolibi yoʻl oladi.

Bugun “Paxtakor” stadioni anjumanlar zalida har uchala terma jamoaning bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda murabbiylar Derrik Pereyra (Hindiston), Lyubinko Drulovich (Oʻzbekiston) hamda yurtdoshimiz Usmon Toshev (Tojikiston) ishtirok etdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Dastlab mutaxassislar musobaqa borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Derrik Pereyra: “Ushbu saralash oʻyinlariga juda qisqa tayyorgarlik jarayonini oʻtagan holda yetib keldik. Hindistonda ichki chempionat davom etayotganligi bois uzoq muddatli yigʻin tashkil eta olmadik. Oʻzbekistonga koʻplab yosh futbolchilarni olib keldik. Bu yerga kelishdan avval Qatarda yigʻin oʻtkazdik va Qatar oʻsmirlari bilan oʻrtoqlik uchrashuvida kuch sinashdik. Musobaqaga qanday tayyorgarlik koʻrganimizni boʻlajak oʻyinlar koʻrsatadi”.
Lyubinko Drulovich: “Oldimizda juda muhim musobaqa turibdi. Saralash oʻyinlarining oʻz maydonimizda oʻtishi bizga bosim yuklaydi albatta. Shunga qaramay saralash bahslarini muvaffaqiyatli tarzda oʻtkazib, Osiyo chempionatining final bosqichiga yoʻllanma olish uchun harakat qilamiz. Raqiblarga hurmatimiz baland, biroq guruhda gʻolib chiqishni istaymiz”.
Usmon Toshev: “Saralash oʻyinlariga reja boʻyicha tayyorgarlik koʻrdik. Tarkibimiz yaxshi futbolchilardan tashkil topgan. Oʻzbekistonda futbolni juda yaxshi koʻradi, biroq biz ham chiroyli oʻyinlar koʻrsatishga intilamiz”.

Derrik Pereyra: “Oʻzbekistonga kelgan tarkibimizdan bir qator yosh futbolchilar, qaysiki 2000-2001 yillarda tugʻilgan yoshlar ham oʻrin olgan. Sababi, olimpiya terma jamoasi yoshidagi ayrim futbolchilarimiz jarohat olishgan. Qolaversa, tarkibimizdagi yoshlar Hindistonda oʻtkazilgan jahon chempionatida ishtirok etgan. Bu musobaqa ular uchun katta tajriba maktabi vazifasini oʻtaydi. Guruhdagi raqiblarimizni oʻrganib chiqdik. Oʻzbekiston Osiyoda oʻz oʻrniga ega jamoalardan biri. Ular bu yoshda amaldagi Osiyo chempioni hisoblanadi. Tojikiston ham ancha kuchli jamoa. Usmon Toshev bilan yaqin doʻstman. Uning jamoalari doim yaxshi oʻyin koʻrsatib kelgan. Saralash bahslari biz uchun oson oʻtmaydi. Ammo muxlislarimizni xursand qilish uchun astoydil intilamiz”.
Usmon Toshev: Oʻzbekiston ham, Hindiston ham yaxshi jamoalar. Ertaga ikkala raqibimiz ham maydonga tushadi. Shu bois ertaga raqiblar oʻyinini oʻrganamiz.
- Oʻzbekiston saralash bahslarini amaldagi chempion sifatida boshlaydi. Bu sizga qoʻshimcha bosim yuklamaydimi?
Lyubinko Drulovich: Har qanday musobaqadan oldin bosim boʻladi. Lekin bizni bu jihat aslo oʻylantirayotgani yoʻq. Musobaqa davomida muxlislar stadionga kelib bizni qoʻllab turishini soʻrayman.
- Hindiston terma jamoasi 3 mart kuni Goada toʻplanib, keyin Qatarda yigʻin oʻtkazdi. Kecha tunda esa Toshkentga uchib keldi. Oldinda esa jamoani 4 kun ichida ikkita oʻyin kutib turibdi. Bunga shogirdlaringiz tayyormi?
Derrik Pereyra: Toʻgʻri, saralash bahslariga qisqa vaqt davomida tayyorgarlik koʻrdik. Bu yerga kelishdan oldin bitta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazdik. Ammo yigitlarni pozitiv ruhda tayyorlashga harakat qildik. Biz aslida ikki kun oldin Toshkentga kelishni rejalashtirgan edik. Biroq, ayrim sabablarga koʻra Oʻzbekistonga kelishimiz bir kunga kechikdi.
- Biz Osiyo chempionati saralash bahslarida ishtirok etamiz. Lekin tayyorgarlik jarayonida faqat Yevropa jamoalari bilan oʻynadik. Osiyo jamoalari bilan oʻynasa boʻlmasmidi?
Lyubinko Drulovich: Futbolni hamma joyda ham bir xil oʻynashadi. Toʻgʻri, biz yigʻinlarda Yevropa jamoalariga qarshi oʻynadik. Qolaversa Oʻzbekiston klublari bilan ham kuch sinashdik. Bu oʻyinlarda shogirdlarimning harakatlaridan koʻnglim toʻldi.
- Superliga reglamentida har bir jamoa safida 1997 yil va undan keyin tugʻilgan kamida bir nafar futbolchi maydonga tushishi shart qilib belgilab qoʻyilgan. Futbol barcha joyda bir xil oʻynaladi, deb aytdingiz, ammo boshqa ligalarda bunday qoidalar yoʻq. Bundan tashqari futbolchilarning 100 kunlab yigʻinlarga jalb etilishi Superliga klublari noroziligiga sabab boʻlmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?
Lyubinko Drulovich: Bunda hech qanday yomon jihatni koʻrmayapman. Sababi, Superliganing har bir klubi tarkibida 22, 21 yoki 20 yoshli futbolchi maydonga tushsa, ular oʻyin amaliyotiga ega boʻladi. Bu menga ham yaxshi, terma jamoaga nomzod futbolchilarni rasmiy oʻyinlar orqali kuzatib boraman. Menimcha, buning yomon jihati yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, ertaga 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatiga saralash bahslari doirasida Oʻzbekiston va Hindiston terma jamoalari oʻzaro kuch sinashadi. Uchrashuv “Paxtakor” stadionida soat 17:00da boshlanadi.

