Yilning boshidan dolzarb tashabbus (+video)
2025 yilning yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishini Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi katta tashabbus bilan boshladi. Gap shundaki, 2024 yilning 25 dekabridan 2025 yilning 5 yanvar kuniga qadar respublikamizning barcha hududlarida “Dolzarb 10 kunlik” tozalik tadbirlari tashkil etildi.
Bu aksiyaning ahamiyati shundaki atrof-muhitni musaffo saqlashda, hududlarni obod maskanlarga aylantirishda barchani birdek jalb qilib, jamoatchilik e’tiborini orastalikka qaratishdir. Shu bilan birga yurtdoshlarimizning ona tabiatga nisbatan mehrlarini va ertangi kelajagimiz uchun daxldorlik hisini yanada kuchaytirishdan iborat. Shuningdek, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka da’vat etish maqsad qilindi.
- Mazkur tadbirlarda respublikaning 124 ta sanitar-tozalash korxonasi faol ishtirok etdi, - deydi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining bosh mutaxassisi Otabek Ravshanov. – Natijada 800 ming 263ta jamoat joylari, mahallalar, markaziy ko‘chalarda tozalik ishlari olib borildi. Jarayonda 4085 ta chiqindilarni tashish maxsus texnikalari jalb etilib, yakuni bo‘yicha hududlardan 135 ming 200 tonna chiqindi olib chiqildi.
Aytish kerakki, obodonlashtirish va chiqindilardan tozalash tadbirlari respublikamizning eng chekka hududlarigacha kirib bordi. Aksiya davomida fuqarolar ham faol ishtirok etdi va ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlashning salbiy oqibatlari tushuntirildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tilZav68M-g?si=3QE7e4qtM61QViBa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Asliddin Alijonov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA