Yigit 18 yoshli xolavachchasining joniga qasd qildi
Gulistonda qotillik sodir bo‘ldi.
Sirdaryo viloyat prokuraturasining xabariga ko‘ra, Guliston shahar Yangi hayot mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qashqirqul Kuchukboyev (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi) joriy yilning 18 mart kuni peshin soat 14:40 da, o‘zganing pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida, qarindoshi (xolavachchasi) Guliston shahar Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro Imonjon Mo‘minovning uyiga boradi va pichoq bilan badaniga o‘n marotaba urib — qasddan o‘ldirgan.
...Quyosh peshindan oqqanda eshik “taq” etmay asta ochilib, uyga kimdir kirganini eshitgan Imonjon, “Onam ishdan buncha barvaqt qaytibdi, tinchlikmikan?” degan xayol bilan derazadan hovliga qaraydi. U yerda xolasining o‘g‘li Qashqirqul, eshikni ichkaridan qulflab, olazarak harakatlanganiga ko‘zi tushadi. Imonjon eshikni ochib, unga peshvoz chiqadi. Salomga javoban, Qashqirqul, “Xolam qani?” deya qon talashgan ko‘zlarini unga qadaydi.
– Onam hali ishda, shomdan keyin qaytadilar, keling ichkariga marhamat, – deydi Imonjon Qashqirqulni qanday niyatda kelganidan bexabar, uni uyga taklif qilib. Fotihaga qo‘l ochib, duo qilishga ulgurmasdan, xolavachchasi uning gapini bo‘ladi, “E-e mullavachcha, xolamni hamma yiqqan pullari, tilla taqinchoqlarini barini olib chiq, menga srochno pul kerak”, deydi gapni qisqa qilib.
Imonjon ular oddiygina yashashi xolavachchasiga-da ma’lum ekanini aytadi.
– Challa mulla, tunov kuni xolam onamga, “Ertaroq to‘y qilib, Imonjonni boshini ikkita qilib qo‘ysam, uyimizdan chaqaloq yig‘isi chiqmaganiga 18 yil bo‘libdi, opa” deb og‘iz ko‘pirtirayotganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim. Puli yo‘q odam to‘y qiladimi? Qolaversa, hali ona suting og‘zingdan ketmagan senga xotinni nima keragi bor. Gapni cho‘zmada, bir so‘mini ham qoldirmay olib chiq, aks holda yomon bo‘ladi, – deya yonidan pichog‘ini oladi Qashqirqul.
– Onam bechora, topganini menga sarfladi, o‘zi yemay, yedirdi, boshqalarni bolasidan kam bo‘lmasin deb, o‘zi kiymay, kiydirdi, yolg‘iz, ayol boshi bilan qancha ham topardi, men sizni tushunmayapman, – deydi Imonjon.
Qashqirqul, “Hali shunqami?”, deya qo‘lidagi pichog‘ini Imonjonga sanchdi. U og‘riqdan “dod!” deya pichoq sanchilgan joyini ushlagancha tashqariga qochmoqchi bo‘ladi. O‘zidan yoshi katta va ancha baqquvat bo‘lgan Qashqirqul, chap qo‘li bilan uning yelkasidan mahkam tutib, o‘ng qo‘li bilan yana bir necha bor pichoq uradi. Baquvvat bo‘lasining og‘irligi va pichoq zarbalariga dosh berolmay Imonjon yerga qulaydi. Og‘riq zo‘ridan ingrab yotgan xolavachchasini ko‘ra turib, uning tanasiga vaxshiylarcha yana bir necha bor pichoq sanchadi...
Gulistondagi ushbu voqea inson yaxshiliklar bilan birga, yomonliklarni ham qila olishini isbotladi. Inson hayoti oldida hech qadri bo‘lmagan pul uchun o‘z xolavachcha (bo‘la)sining qotili bo‘lgan insonga qarata nima deyish mumkin?
O‘sha onda, onaizor qanday ahvolga tushdi? 18 yoshli yigitni, 10-12 joyidan pichoqlangani, yolg‘iz farzand ekanidan emas, balki shu mushtipar ona bu qotillikni kim sodir etganini eshitganida va bu qotil – o‘zining bir qorindan talashib tushgan opasining bolasi ekanini bilganida dilidan nimalar o‘tdi?...
Ayni paytda, Qashqirqul Kuchukboyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA