Yigirma bir yoshli qahramon
Xotira va qadrlash kuni oldidan
1945 yil fevral. Jo‘raxonning janggohlarda olgan jarohati azob bera boshladi. Behisob janglarda, ochu yupunlikda, jaziramayu qahratonda necha yuzlab fashistga bas kelgan yigit ona yurtga qaytganda dardga yon berib o‘tirsa. U alam bilan uh tortdi. Endigina 22 ga qadam qo‘ygan, frontda qancha sinovlarni yengib o‘tgan zabardast o‘g‘lon yosh umriga chang solayotgan jarohatga bo‘y bergisi kelmasdi…
Tumandagi to‘liqsiz o‘rta maktabni bitirib, kolxozda hisobchilik qilib yurgan Jo‘raxon frontga jalb etildi. 1942 yilning marti yigitchaning hayotida katta burilish yasadi, u askarlik libosini kiydi. Janggoh har qanday insonni o‘z izmiga soladi, shakllantiradi, tarbiyalaydi. Bir so‘z bilan aytganda, elakdan o‘tkazadi. Omad deganlari bor gap. Biroq janglarda iroda, tajriba, taktika g‘alaba va omad kaliti hisoblanadi. Buni tushunib yetgan Jo‘raxon Usmonov atrofidagi tajribali jangchilardan tunu kun jang ilmini, jangovar quroldan foydalanish sir-asrorini o‘zlashtirib bordi.
Jo‘raxondagi dadillik, jasurlik fashistlar bilan bo‘lgan yuzma-yuz olishuvlarda bo‘y ko‘rsata boshladi. Bir necha bor og‘ir va yengil yaralandi. Dardni pisand qilmaydigan temir irodali yigit har gal tezda safga qaytardi. Uning Stalingrad uchun bo‘lgan janglardagi jasorati, Desna daryosidan o‘tishda ko‘rsatgan jangovar xizmatlari munosib e’tirof etildi. Navqiron o‘g‘lon «Qizil Yulduz» ordeni bilan mukofotlandi.

U yana oldingi safda. Fashistlardan ozod qilingan shahar va qishloqlardagi bosqinchilar keltirgan azob-uqubatlar, zulm va sitamlar, vahshiyliklar yigit ko‘ksidagi qahr va g‘azabni alangalatib borar, qo‘rquv neligini bilmagan Jo‘raxon dushmanga arslondek tashlanardi. U chaqqonligi va topqirligi bilan atrofidagilarni hayratga solardi.
1943 yilning kuzi. Jo‘raxon Usmonov xizmat qilayotgan qismga yuqori qo‘mondonlik tomonidan muhim topshiriq berildi: «Soj daryosidan o‘tib, uning g‘arbiy yoqasidagi platsdarm egallansin!» Kechib o‘tish joyi Gomel viloyatining Loyev tumani yaqinidagi Karpovka qishlog‘i yonidan ko‘rsatilgandi. Qishloq daraxtsiz baland va ancha tik jar ustiga joylashgan edi.
Operatsiya boshlandi. Dastlab leytenant Ozerov komandirligi ostida o‘n nafardan iborat sara jangchilardan shturmchi – ishg‘ol etish guruhi tuzildi. Serjant Usmonov uning yordamchisi etib tayinlandi. Shturmchilar jiddiy tayyorgarlik boshladi. Guruh jangchilari ortiqcha narsalarni qoldirib, o‘zlari bilan imkon qadar ko‘proq o‘q-dori oldi.
– Daryodan qanday o‘tish haqida sizlarga ko‘rsatma berishning hojati yo‘q, – dastlabki vazifa haqida to‘xtaldi guruh komandiri. – Barchalaring bu borada tajribaga egasiz. Oldimizdagi birinchi vazifa – dushmanga sezdirmay, talafotsiz u qirg‘oqqa yetib olish. Keyin esa, – serjant Usmonovga yuzlandi u, – qirg‘oqdagi dozorlar (soqchilar)ni tovush chiqarmay yo‘q qilish zarur. Shundan so‘ng yon tomondan berilgan kutilmagan zarba bilan dushmanni yanchib tashlaymiz. Tepalik qo‘lga kiritiladi. Tushunarlimi?
– Tushunarli, – dedi Jo‘raxon g‘alabaga bo‘lgan ishonch bilan. – Biz bu topshiriqni, albatta, uddalaymiz!
Shturmchilar tun qorong‘isida daryodan kechib o‘tishni boshladi. Havoning avzoyi buzuq. Dushman raketalari suv yuzasini tinimsiz yoritib turibdi. Fashistlar tomonidan kechib o‘tish joyi qattiq nazoratga olingan. Pulemyotlar navbati bilan o‘qqa tutmoqda. Betartib yog‘ilayotgan ajal urug‘idan omon qolish oson emas. Guruh jangchilari o‘zlarini sezdirmaslik uchun javob qaytarmaslikka majbur.
Shturmchilar va nihoyat talafotsiz u qirg‘oqqa o‘tib oldi. Faqat yomg‘ir ko‘p yoqqani sabab, yer loy va botqoqlikdan iborat, harakatlanish og‘ir. Yigitlar dushman ko‘ziga tashlanmaslik uchun pana-pastqamlardan yurib, fashist transheyalariga yaqinlashdi. Oldinda leytenant Ozerov va serjant Usmonov.
– Ikki guruhga bo‘linib, dushmanga yon tomondan qo‘qqisdan hujum qilamiz, – shoshilinch reja tuzdi Ozerov. – O‘ng tomondan siz borasiz, o‘rtoq Usmonov. Men signal berishim bilan hujumni boshlaysizlar.
– Sizni tushundim, o‘rtoq leytenant. Tong yorishmasdan tepalikni olishimiz kerak.
– Xuddi shunday. Qani, olg‘a!
Jo‘raxon yigitlari bilan fashistlarga sezdirmay ehtiyotkorlik ila chuqurliklardan o‘tib, tepalik yoniga bordi. Yo‘q… bosqinchilar baribir payqab qoldi, yov pulemyotlari ishga tushdi. Jangchilar zudlik ila yer bag‘irladi. Tepalikning tagi ochiq bo‘lib, dushmanga hamma narsa ko‘rinib turardi. Bosh ko‘tarish, olg‘a siljishning imkoni yo‘q. Tong oqarmoqda, vaqt ziq. Buyruqni bajarish shart. Shunda qo‘rquvni pisand qilmaydigan serjant Usmonov bir qarorga keldi:
– Sizlar joyingizdan jilmang, signalni kuting! – buyurdi qo‘l ostidagilarga. – Men pulemyot ovozini o‘chirishga harakat qilaman.
Jo‘raxon o‘ziga bo‘lgan ishonch ila dadil emaklab ketdi. Safdoshlari xavotir va hayajonda. Mana, fashistlarga juda yaqin nuqtada turibdi. Endi qo‘lidagi granatalarni bexato uloqtirsa bo‘lgani. Yigit vaqtni boy bermay, maqsadini amalga oshirdi. Dushmanga qarata irg‘itilgan granatalar pulemyotni yakson etdi.
Shu orada leytenant Ozerov signal berdi. Shturmchilar ikki tomondan hujumga kirishdi. Bosqinchilarga kutilmaganda qilingan qisqa, biroq qattiq jang yigitlarga omad keltirdi. Tepalik egallandi.
Fashistlar kichik bir guruh tepalikni ishg‘ol etganiga ishona olmasdi. Ertalab ularga qarshi hujumga o‘tdi. Manfur bosqinchilarning niyati – qanday qilib bo‘lsa ham muhim ahamiyatga ega tepalikni qaytarib olish, guruhni majaqlab tashlash. Axir bu tepaliksiz daryo kechuvini nazorat qilish qiyin.

Bizning jangchilar esa egallagan pozitsiyasini jon qadar asrashga shay. Tepalikni ozmuncha qiyinchilik bilan egallashdimi. O‘n dovyurak botir dushmanning qarshi hujumini matonat ila qaytarishga tushdi. Ular gohida fashistlarga qiron keltirish asnosida alam bilan dilidagini tiliga chiqarardi:
– Ablahlar, senlarga pozitsiyasini topshirib qo‘yadigan ahmoq yo‘q! Fashistlarga o‘lim!
– Ajalini istaganlar kelaversin, ko‘rsatib qo‘yamiz! Mana senlarga, mana!..
– Ha-a, jallodlar, alamim ko‘p senlarda, hammangni qirib tashlamasam…
– Yigitlar, nafratga berilib, hushyorlikni unutmang! Asosiy kuchlar suvdan o‘tib olguncha, tepalikni ushlab turishimiz shart! – komandirning buyrug‘i yangrardi orada.
Jangchilar yaqinlashgan fashistni halok etar, bosqinchilar talafot bilan hisoblashmasdan ularga qarshi yangi kuch tashlardi. Yigitlar o‘q-dorini tejash uchun bosqinchilarning mumkin qadar yaqin kelishini kutib, avtomat va granata bilan yakson qilardi.
Ikkinchi kun oxirlamoqda, ammo qattiq olishuv to‘xtagani yo‘q. Tepalik osti fashistlar jasadi bilan to‘lib ketgan bo‘lsa-da, dushman harakati o‘sha-o‘sha. Jangchilar uchun og‘ir va xatarli vaziyat yetib keldi. Patron va granatalar tugab bormoqda. Guruh komandiri leytenant Ozerov qattiq yarador bo‘lib hushidan ketdi. Ammo ular chekinmasligi shart. Guruhning mag‘lubiyati asosiy kuchlarning suvdan o‘tishini barbod qiladi.
Komandirlikni serjant Usmonov o‘z zimmasiga oldi. Jangchilarning yuzida paydo bo‘layotgan umidsizlikni ko‘rib, buyruq berdi:
– Yigitlar, o‘zingizni qo‘lga oling! Bir qadam ham chekinishga haqqimiz yo‘q, chekinmaymiz! Bu minglab safdoshlarimizning hayot-mamot masalasi. Pozitsiya bizniki, bo‘shashmang, qani, jangga!
– O‘rtoq serjant, o‘q-dori…
– Hozir bu masalani ham hal qilamiz.
Shunda kutilmagan voqea ro‘y berdi. Transheyaga yaqin kelgan fashistlarning irg‘itgan granatasini Jo‘raxon epchillik ila ushlab qolib, o‘zlari tomon uloqtirdi. Komandirning jasur va chaqqonligi jangchilar ruhini ko‘tardi. Serjant Usmonov uzoq o‘ylab o‘tirmay, fashistlarning qalashib yotgan jasadlari tomon emaklab ketdi. Fursat o‘tmay, granata va patronlar yig‘ib qaytdi. Jangchilardan Shevelev va Tkachenko ham undan o‘rnak olib, ko‘plab o‘q-dorilarni qo‘lga kiritishdi. Shu tariqa guruh posbonlari fashistlarning qarshi hujumini mardona qaytarib turdi.
Ko‘p o‘tmay, o‘lja o‘q-dorining ham tagi ko‘rinib qoldi. Jo‘raxon yana «ovga» oshiqdi. U o‘lja pulemyotni disklari bilan olib kelayotganda bosqinchilarning katta bir to‘dasi chuqur ortida ular tomon yaqinlashayotganini sezib qoldi. Jallodlar to‘qqiz jangchini o‘rab olib, yanchib tashlamoqchi edi. Jo‘raxonning hushyorligi va dadilligi yigitlarga kuch bag‘ishladi. O‘lja pulemyot ularning joniga oro kirdi. O‘ng tomondan hujum qilgan fashistlar yakson etildi. Shu orada daryodan kechib o‘tgan jangchilarning «Ura-a!» sadosi yangradi.
Kechayu kunduz davom etgan uch kunlik jang davomida shturmchilar dushmanning 13 marotaba qarshi hujumini qaytara oldi. Uch yuz oltmishta bosqinchi ularning qo‘lida it o‘limini topdi. Guruh yigitlarining jasorati munosib taqdirlandi. Serjant Jo‘raxon Usmonovga
Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Yigirma bir yoshli qahramon ona yurtga qaytdi.
Ammo… ammo janglarda besh marotaba yarador bo‘lgan Jo‘raxonga olgan jarohatlari daxl qila boshladi. U yashashni istardi. Yaqinlarining bag‘ri qaqshamasligi, qalbida kurtak otgan ilk muhabbati, yosh vujudiga oshno go‘zal orzulari uchun juda-juda yashashni istardi. Biroq navqiron o‘g‘lon 1945 yilning fevralida shahidi a’lolar qatorida bu dunyoni tark etdi…
«Vatanparvar» gazetasi muxbiri
Zulfiya YUNUSOVA
O‘zA uchun maxsus tayyorladi