YeXHT Parlament assambleyasi raisi bilan uchrashuv
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi Raisi Pere Joan Pons Sampetro boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Xabarda qayd etilganidek, uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Parlament assambleyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda mehnat migratsiyasini tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Qonunchilik palatasi Spikeri mehmonlarga mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda Qonunchilik palatasining faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro parlamentlararo tuzilmalar, jumladan, YeXHT Parlament assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq doirasidagi faol ishtiroki izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, Pere Joan Pons Sampetro so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamda transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Oliy Majlisi va YeXHT Parlament assambleyasi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratdi.
M.Komilova,
O‘zA