YeXHT delegatsiyasi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB)ning Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misevni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumga tayyorgarlik ko‘rish va ushbu tadbirni o‘tkazish doirasida YeXHT DIIHB bilan hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning DIIHB bilan konstruktiv hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Jumladan, saylovni kuzatish byurosining to‘liq miqyosdagi missiyalari parlament (2019 yil) va Prezident saylovi (2016 va 2021 yillar)da ishtirok etdi.
Uchrashuvda Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasiga rejalashtirilgan konstitutsiyaviy islohotning asosiy jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlar “Inson qadri uchun” bosh tamoyilini hayotga tatbiq etishga qaratilgani qayd etildi.
Yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolatini yaratishi zarurligi ta’kidlandi. Bo‘lajak referendumda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun Markaziy saylov komissiyasiga har tomonlama ko‘maklashish, xorijdagi vatandoshlarimizning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish ustuvor yo‘nalishlar ekanligi ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, DIIHB vakillari rejalashtirilgan respublika referendumini milliy qonunchilik va umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlarga muvofiq tayyorlash va o‘tkazishda O‘zbekiston tomoni bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA