Yevropada “yashil energiya” to‘siqqa uchradimi?
Yevropada qayta tiklanuvchi energiya jadal o‘smoqda, ammo elektr tarmoqlari bu sur’atga ulgurmayapti. Yangi tahlilga ko‘ra, 120 gigavattdan yuqori darajadagi “yashil energiya” loyihalari xavf ostida qolgan. Bu millionlab oila elektr ta’minotidan uzilishi mumkinligini anglatadi. Mutaxassislar ayni holatni nafaqat texnik muammo, balki xavfsizlikka tahdid sifatida baholamoqda.
Salbiy ta’sir ayniqsa kuchli sezilayotgan Avstriya, Bolgariya, Latviya, Niderlandiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya va Slovakiyada tarmoq quvvati yangi shamol va quyosh energiyasi loyihalarini qabul qilishga tayyor emas. Shu sababli, rejadagi ko‘plab majmualar ishga tushmay qolishi xavfi paydo bo‘lgan. Hatto, xonadonlar uchun mo‘ljallangan quyosh panellarini tarmoqqa ulashda ham qiyinchilik yuzaga kelmoqda.
Muammo nafaqat yirik loyihalar, balki oddiy odamlar turmushiga ham daxl qilyapti. Hisob-kitobga ko‘ra, 1,5 milliondan ortiq xo‘jalik yangi quyosh panelini o‘rnata olmasligi mumkin. Qolaversa, ayrim davlatlarda elektr tarmog‘i yangi talab, masalan isitish tizimi talabiga ham javob bera olmaydi. Xususan, Polsha va Ispaniya bu borada jiddiy cheklovga duch kelgan.
Holatga asosiy sabab – infratuzilma eskiligi. Avvaliga ko‘mir va gaz stansiyalari uchun qurilgan Yevropa elektr tarmog‘i markazlashgan tizimda ishlagan. Hozirgi “yashil energiya” esa asosan chekka hududlarda ishlab chiqariladi. Energiyani uzatish uchun yangi tarmoq kerak. Shu bois, mavjud tizim o‘zgarishga moslasha olmayapti.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sarmoya oshirilishi yetarli emas. Oxirgi yillarda tarmoqqa investitsiya 50 foiz o‘sib, yillik 70 milliard yevroga yetdi. Baribir, tarmoqdagi “tiqilish” sabab, juda ko‘p miqdordagi energiya isrof bo‘lyapti. Muammo hal qilinmasa, Yevropa “yashil energiya”dan samarali foydalana olmaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA