Yevropada farzand ko‘rish qanchaga tushadi?
Bola tug‘ilishi quvonchli voqea. Faqat farzandning birinchi yili oila byudjeti uchun sezilarli xarajat ham olib keladi. Yangi tadqiqotga ko‘ra, Yevropaning 38 mamlakatida chaqaloq uchun zarur buyumlarga sarflanadigan mablag‘ yiliga o‘rtacha 4 727 yevroni tashkil etadi. Ispaniyada bu ko‘rsatkich 6 294 yevro.
“Remitly” hisob-kitobida 2026-yil iyul oyi narxi asosida chaqaloq hayotining birinchi yili uchun zarur 14 turdagi mahsulot o‘rganilgan. Eng ko‘p xarajat kiyim-kechakka to‘g‘ri kelgan – o‘rtacha 1 465 yevro. Bola ozuqasi 1 187, taglik 1 152 yevro. Birinchi yil umumiy xarajat Niderlandiyada 6 140, Finlyandiyada 6 066, Shvetsiyada 6 025 va Shveysariyada 6 018 yevroni tashkil etgan. Eng kam xarajat Buyuk Britaniyada qayd etilgan – 2 813 yevro.
Tabiiyki, mahsulot narxining o‘zi mamlakatda bola tarbiyalash nechog‘li og‘irligini to‘kis ko‘rsata olmaydi. O‘rtacha ish haqiga nisbatan chaqaloq uchun zarur buyumlar ko‘hna qit’a bo‘yicha yillik daromadning o‘rtacha 20,9 foizini tashkil etgan. Bu ulush Moldovada 88.8, Belgiyada atigi 5,4 foizni tashkil qilgan. Albaniya, Turkiya, Chernogoriya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina, Portugaliya hamda Vengriyada ota-ona o‘rtacha yillik ish haqining kamida uchdan birini chaqaloq uchun zarur mahsulotga sarflaydi.
Darvoqe, mazkur tahlilda bog‘cha yoki yasli xarajati qamrab olinmagan. Ayrim mamlakatlarda maktabgacha tarbiya oila byudjetiga yanada og‘irroq yuk tushiradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA