Yevropa yetakchilari Registonda suratga tushdi
Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen xonim O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamrohligida Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi va Registon majmuasida bo‘ldi.
Mazkur obidalar bilan tanishuv chog‘ida sohibqiron Amir Temurning kuchli markazlashgan davlat barpo etish borasidagi faoliyati va o‘sha davrda Yevropa davlatlari hukmdorlari bilan yo‘lga qo‘ygan do‘stona munosabatlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Samarqandda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari hamda bugungi kunga qadar saqlanib qolgan tarixiy bino va inshootlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
XV asrda ulug‘ hukmdor Mirzo Ulug‘bek tomonidan madrasa qurilishi bilan asos solingan va keyinchalik XVII asrda Samarqand hokimi Bahodir Yalangto‘sh bunyod etgan Sherdor va Tillakori madrasa va masjidi bilan yaxlit majmuaga aylangan Registon ansamblini mehmonlar hayrat bilan tomosha qildi.
Yevropa kengashi va komissiyasi yetakchilari O‘zbekiston zamini qadimiy sivilizatsiya beshiklaridan biri sifatida insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutganligini ta’kidlab, ajdodlarning noyob aql-zakovati, bunyodkorlik salohiyati mahsuli bo‘lgan tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash borasida bugungi avlod tomonidan olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadilar.
[gallery-22630]
Yuqori martabali mehmonlar ushbu ob’ektlar bilan tanishuv jarayonida ayni paytda Samarqandda bo‘lib turgan yevropalik sayyohlar bilan ham suhbatlashib, ularning bu qadimiy kent haqidagi taassurotlarini eshitdi, birgalikda suratga tushdilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari