Yevropa va Kiyevning besh talabi (+video)
Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlari hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Londondagi uchrashuvda Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Ukrainada adolatli hamda barqaror tinchlikka erishish shartlarini muhokama qildi, deb xabar qildi DW nashri.
Uchrashuvda Rossiya iqtisodiyotiga bosimni oshirish, Ukrainaga harbiy yordamni kengaytirish, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa ishlab chiqarish va uzoq masofaga zarba bera oladigan qurollar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yevropa yetakchilari va Zelenskiy Ukrainada barqaror tinchlik o‘rnatish uchun beshta asosiy shartni belgiladi. Birinchidan, jang harakatlari to‘xtatilishi kerak, xalqaro chegaralar kuch bilan o‘zgartirilmasligi va Ukraina o‘z xavfsizlik siyosatini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘lishi shart. O‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng Ukrainaga xalqaro huquqiy xavfsizlik kafolatlari berilishi, jumladan ko‘p millatli kuchlar joylashtirilishi kerak.
Shuningdek, Rossiya aktivlari urush tugamaguncha va yetkazilgan zarar qoplanmaguncha muzlatilgan holda qoladi, hamda barcha kelishuvlar Yevropa xavfsizligi manfaatlarini ham hisobga olishi lozim.
4-iyun kuni Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, urushni tugatish va shaxsiy uchrashuv uchun aniq sana belgilashni taklif qildi. Shuningdek, muzokaralarga Yevropa va AQSH ham qo‘shilishi mumkinligini bildirdi.
Putin esa bu taklifga javoban hozircha bunday uchrashuvdan ma’no ko‘rmayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, harbiy harakatlar bir kun kelib yakunlanadi va Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishadi.
<iframe width="484" height="860" src="https://www.youtube.com/embed/HLJl98WWis8" title="YEVROPA VA KIYEVNING BESH TALABI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA