Yevropa kubogida Nodirbek Yoqubboyev jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi
Chernogoriyaning Budva shahrida shaxmat bo‘yicha 108 ta jamoa ishtirokida klublar o‘rtasida o‘tgan Yevropa kubogi kutilgan va kutilmagan vaziyatlarga boy bo‘ldi.
Jahon shaxmat ishqibozlari diqqat markazida bo‘lgan turnirda mahoratli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev ko‘hna qit’a klublari safida dona surdi.

Yevropa kubogining so‘nggi 7-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov yetakchiligidagi “SuperChess Romania” jamoasi Anish Geri sardorligidagi “Bayegan Pendik Chess Sports Club” a’zolari bilan kuch sinashdi.
Ushbu jamoalar qarama-qarshiligidagi o‘yinda Abdusattorov azaliy raqiblaridan biri Anish Giri bilan 1-taxtada ro‘baro‘ keldi.

6 nafar juftlik o‘rtasidagi shiddatli bahsda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda kichik xatolik evaziga Giriga imkoniyatni boy berdi. O‘z navbatida Giri jamoasi “Bayegan Pendik Chess Sports Club” 3,5:2,5 hisobida ustunlikka erishib, 13 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi.

Nodirbek Yoqubboyevning “Novy Bor Chess Club” jamoasi oxirgi turda Pranav sardorligidagi “Elektroprivreda” klubiga qarshi kechgan o‘yinda 4,5:1,5 ko‘rinishida g‘alabaga erishdi va haqli ravishda 13 ochko to‘plab, 2-o‘rinni band etdi.
6-turgacha Yevropa kubogi-2026 musobaqasida turnir jadvalini boshqarib kelgan va oxirgi uchrashuvda muvaffaqiyatsizlikka uchragan “SuperChess Romania” vakillari 41-bor o‘tkazilgan jahon kubogi bahsini 4-o‘rinda yakunladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA