Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Namangandagi kasbiy ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar boshchiligida elchilar hamda diplomatik vakolatxonalar vakillaridan iborat delegatsiya Namangan viloyati hududiy qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetida bo‘ldi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti huzuridagi mazkur fakultetda yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni va tinglovchilar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Ayni paytda fakultetda 6 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqarish ta’limi ustalarining malakasi oshirilmoqda. Mexanika muhandisligi, payvandlovchilik, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, yengil sanoat muhandisligi, energetika muhandisligi hamda umumiy ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish yo‘nalishlarida o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Malaka oshirish kurslari Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti tomonidan tasdiqlangan 144 soatlik o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etilgan. Ta’lim jarayoni 2 hafta masofaviy va 2 hafta kunduzgi shaklda yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-31484]
Xalqaro delegatsiya vakillari o‘quv xonalari, tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, ishlab chiqarish ta’limi ustalarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot oldi.
Mazkur uchrashuv kasbiy ta’lim sohasida tajriba almashish, ilg‘or o‘qitish usullarini ommalashtirish va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA