Yevropa bozori muhim eksport yo‘nalishiga aylanmoqda (+video)
2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Yevropa bozoriga 7 mln AQSH dollari qiymatidagi 3 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot eksport qilindi. Albatta, hali ishga solinmagan imkoniyatlar ham bor. Shu maqsadda bugun Yevropada milliy brendlarimizni tanitish maqsadida ko‘plab oziq-ovqat sanoati yarmarkalari tashkil etilmoqda.
2026-yilning birinchi yarim yilligida Germaniya va Fransiyaga O‘zbekistondan 3 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Albatta, eksport bozori qanchalik kengaysa, fermer va ishlab chiqaruvchining mahsuloti uchun xaridlar geografiyasi kengayib, ularning daromadlari ham shunga yarasha oshadi. Bu esa ishlab chiqarish samaradorligi, sifatni yaxshilash va bozor talabiga mos mahsulot yetishtirilishiga turtki bo‘ladi. O‘zbekiston mahsulotlarini xorijiy bozorlarda tanitish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmalar ham shunday imkoniyat bo‘lib, Yevropa bozorlarida milliy brendni tanishtirishga xizmat qilmoqda.
- 2026-yil birinchi yarim yillikda O‘zbekiston Yevropa bozoriga 7 mln AQSH dollari qiymatidagi meva-sabzavot eksport qilindi, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Arofat Husanova. – Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 2 barobar oshdi. Ushbu davrda 32 ta eksportchi korxona tomonidan 19 turdagi mahsulot eksport qilingan. Shuningdek, Oziq-ovqat mahsulotlariga ko‘maklashish bo‘limi tomonidan eksportchi korxona rahbarlaridan kelayotgan murojaatlar o‘rganilib, ularga amaliy ko‘mak berib boriladi hamda logistika kompaniyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda ularga taqdim etiladi.
Germaniyalik iste’molchilar yurtimizning quritilgan ko‘katlari hamda qovun va bodom ta’mini xush ko‘rishsa, fransiyalik xaridorlar mayiz va quritilgan o‘rikni sevib iste’mol qilishadi. Shu bilan birga Yevropa bozorida oziq-ovqat xavfsizligi talablari qat’iy. Meva-sabzavotlarning sifati, kelib chiqishini kuzatish imkoniyati, qadoqlanishi va standartlarga muvofiqligi muhim. Xalqaro bozor tendensiyalarini tahlil qilish va mahalliy tadbirkorlarga yetkazish maqsadida elektron platforma ham shakllantirilgan.
- Bu platformada hamma yo‘nalishlar bor, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Azamat Elboyev. – “O‘zmarket” platformasi hozirda Butunjahon Savdo tashkilotiga tegishli bo‘lgan xalqaro savdo markazi ma’lumotlariga integratsiya qilingan va bu ma’lumotlar juda ishonchli.
Raqamlardan ma’lumki, bugun Germaniya va Fransiya bozorlarida o‘zbek mayizi, quritilgan o‘rigi, sarxil meva-sabzavotlarga talab yaxshi shakllangan. Galdagi asosiy maqsad — mavjud bozorlarda milliy brend mavqeini mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligi talablarini joriy etish orqali mahsulotlar turini ko‘paytirish va eksport geografiyasini kengaytirishdir.
<iframe width="1337" height="752" src="https://www.youtube.com/embed/-J3pqDtq12A" title="Yevropa bozori muhim eksport yo‘nalishiga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA