Yetkazilgan zarar tegishli tartibda undiriladi
Bugungi kunda aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish hamda xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada joylarda iste’molchilar tomonidan qonun buzilishi holatlari bartaraf etilib, yetkazilgan zarar tegishli tartibda undirilmoqda.
Xususan, joriy yilda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy jamiyatlari tomonidan suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 7,7 mingta noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichni Toshkent shahri, Farg‘ona viloyati hamda Sirdaryo viloyati egallagan.
Mazkur qonunbuzarliklar tufayli jamiyat manfaatlariga jami 68 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
[gallery-18741]
Bu haqda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy jamiyatlari tomonidan respublika bo‘yicha 22,4 ming nafar jismoniy hamda yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Ushbu holatlarning 12,4 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.
– O‘tgan davr davomida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha 117,6 ming nafar iste’molchidan jami 343 milliard so‘mlik mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan. – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Shu jumladan, shartnoma asosida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi orqali sud organlariga kiritish uchun 301,6 milliard so‘mlik 70,2 mingta qarzdor iste’molchi hujjatlari taqdim etilgan. Bugungi kunda Savdo-sanoat palatasida 19,9 milliard so‘mlik 11,9 mingta ish hujjatlari ko‘rib chiqish jarayonida turibdi.
Eslatib o‘tamiz, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishga amaldagi qonunchilikda ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan bo‘lib, qonunbuzarlarga belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari