Yetim bolalar uy-joy bilan ta’minlanadi
Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2021 yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning tartiblari ishlab chiqilib, joriy etilmoqda. Joriy yil 1 dekabrga qadar uy-joyga muhtoj 757 nafar yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
O‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi. Ajratilayotgan uy-joylar yashash uchun barcha zarur sharoitga ega bo‘lgan (ta’mirlangan va jihozlangan) holda topshiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning “onlayn-navbat” tizimi amaliyotga joriy etiladi. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan davrida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning ellik foizi tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Bunda mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda foydalaniladigan kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari tegishli tuman va shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA