Yerga oid qonunchilikni xolis yoritish ochiq muloqotda muhokama etildi
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyatidagi markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari uchun ochiq muloqot tashkil etdi.
Unda Kadastr agentligi direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ne’matjon Atamurodov, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xusniddin O‘razov, Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sobir Shaymardanov sohada yuz berayotgaan o‘zgarish va yangilanishlar, boshqarmalar ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholini kadastr xizmatlari bo‘yicha xabardor qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, elektron xizmatlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan xatlov ishlariga e’tibor qaratildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim murojaatlarni biryoqlama yoritishga urinish bo‘layotgani, ba’zi hollarda amaldagi qonunchilikda belgilangan huquqiy holatlar to‘liq aks ettirilmayotgani, shuningdek, kadastr idoralarining to‘laqonli vakolat doirasiga kirmaydigan masalalar ko‘tarib chiqilayotgani xususida fikr almashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noxolis ma’lumotlar aholida turli asossiz fikrlar uyg‘onishga sabab bo‘layotganini qayd etdi. Ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportlarini shakllantirish sohasida aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ochiq muloqotda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish, yer resurslaridan oqilona, maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Yer kodeksi”ning qabul qilinishi bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Janubdagi voha 2 million 9 ming 911 gektar umumiy yer maydoniga ega. Uning 261 ming 572 gektari sug‘oriladigan ekin yerlaridir. Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi joriy yilning o‘tgan davrida yerga oid qonunbuzarliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish, profilaktik va nazorat ishlarini amalga oshirib, besh oyda 820 ta holatda 136,3 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganini aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi. Hozirgacha 401 ta holatdagi 52,9 gektar yer maydonida qonunbuzilish ixtiyoriy bartaraf etildi. 358 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan 18 milliard 312 million 900 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilib, shu kungacha 2 milliard 554 million 300 ming so‘m undirildi. 680 ta holatda 1 ming 595,9 gektar yer maydoni maqsadsiz foydalanilgan, deb topilib, hokimliklarga tegishli taqdimnoma kiritildi va davlat zaxirasiga qaytarildi.

Viloyatda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash bo‘yicha ham keng qamrovli xatlov ishlari olib borilmoqda. Shu yil uchun tasdiqlangan rejaga muvofiq vohadagi 146 mahallada xatlov o‘tkazilishi belgilangan. Besh oyda 115 ta mahalla chegarasi tasdiqlanib, “UZKAD” axborot tizimiga kiritildi. 114 ming 245 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 87 ming 462 tasi “UZKAD” dasturiga kiritilib, 51 ming 665 tasi huquqiy xulosalar olish uchun “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuborildi. 8 ming 666 fuqaroning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari tegishli tartibda e’tirof etildi. Bu haqda tegishli qaror olgan fuqarolarning atigi 2 ming 499 nafari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.
– Lekin hozirgacha ularning 6 ming 167 ta ko‘chmas mulk huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani kishini o‘ylantiradi, – deydi Kadastr agentligi direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ne’matjon Atamurodov. – Aslida bu uzoq yillar huquqiy maqomi hal etilmagan mulklarni qonuniylashtirish orqali aholining mulkiy huquqlarini ta’minlashda muhim natija bo‘ldi. Ko‘p yurtdoshlarimizning ushalmas orzusi ro‘yobga chiqdi.

Qiziqarli ma’lumot va foydali bahslarga boy bo‘lgan ochiq muloqotda sohani ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqda yoritayotgan jurnalist hamda blogerlarning telegramm guruhini tashkil etish, sohaga oid qonunchilik va yangiliklardan aholi xabardorligini oshirish taklifi ilgari surildi. Soha xodimlarining ish jarayonini o‘rganishga qaratilgan press-tur uyushtirish taklif etildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri