Yerga mehr bergan insonning rizqi ham, barakasi ham mo‘l bo‘ladi (+video)
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani azaldan dehqonchiligi, ayniqsa uzumchilik va bog‘dorchiligi bilan mashhur. Bu yerda yerga mehr qo‘yish hayot tarziga aylangan. Davlatimiz rahbari ham so‘nggi yillarda bog‘dorchilikni rivojlantirish, dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish masalasiga alohida urg‘u berib kelmoqda.
Ana shunday islohotlar amalda o‘z samarasini bermoqda. Buni Oltiariq tumani Povulg‘on qishlog‘ida yashovchi “Muhammadjon sarxil uzum bog‘lari” fermer xo‘jaligi rahbari, mehnatkash dehqon Vohidjon Boltaboyev faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Qishloq ahli uni haqiqiy yer egasi deb biladi. Chunki u yilning to‘rt faslida ham yer bilan band. Bahorda bodring ekib, erta hosil oldi. Ayni kunlarda esa uning dalasida olma va shaftoli pishib yetildi. Bu hosillar xalqimiz dasturxoniga yetib bormoqda.
Oltiariqda “7 yoshdan 70 yoshgacha” degan ta’rif bejiz emas. Bu yerda yoshu qari dehqonchilik bilan yashaydi. Kimdir tokzorda, kimdir bog‘da, yana kimdir sabzavotchilik yo‘nalishida mehnat qilmoqda.
Ayniqsa, uzumchilik sohasida yangilanishlar ko‘p. Yangi uzum navlari ko‘payib, eksport hajmi ortib bormoqda. Bu esa dehqonning daromadi, yurtning iqtisodiy qudrati degani.
Povulg‘onlik Vohidjon Boltaboyev kabi fidoyi insonlar qishin-yozin mehnat qilib, Prezident ta’kidlaganidek, yerdan unumli foydalanish va eksportbop mahsulot yetishtirish orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Zero, yerga mehr bergan insonning rizqi ham, barakasi ham mo‘l bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kfxh_5sHj9c" title="Yerga mehr bergan insonning rizqi ham, barakasi ham mo‘l bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, S.Obidjonov (montaj), O‘zA