Yerdan maqsadli va samarali foydalanish nazoratga olinadi
Toshkent viloyati hokimligi tadbirkorlik qilaman degan odamga aniq bir maqsadda yer ajratib bergan, biroq, haligacha qurilish ishlari boshlanmagan.
Toshkent viloyati hokimligi tadbirkorlik qilaman degan odamga aniq bir maqsadda yer ajratib bergan, biroq, haligacha qurilish ishlari boshlanmagan. Biznes loyihada koʻrsatib oʻtilgan ishlarning birortasi ham amalga oshirilmagan.
Viloyat hokimligida qatʼiy tartib-intizom asosida mehnatni tashkil etish, fuqarolar murojaati bilan ishlash boʻyicha oʻtkazilgan tanqidiy-tahliliy yigʻilishda shu haqda soʻz bordi.
Viloyatdagi boshqarma, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida oʻtgan mazkur yigʻilishni viloyat hokimi Rustam Xolmatov olib bordi. Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, endilikda jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan murojaatlarni tegishliligi boʻyicha viloyat hokimining oʻrinbosarlari shaxsan joyiga chiqib oʻrganadi va bu haqda jamoatchilikka maʼlum qilib boradi.
Viloyat hokimi tomonidan mahalliy byudjet ijrosi, uning orttirib bajarilgan qismidan maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmini joriy etish boʻyicha tegishli topshiriq berildi.
Shuningdek, viloyat hokimining qaror va farmoyishlari ijro jarayoni, ijro mexanizmi tanqidiy muhokama qilindi.
– Biznes uchun yer ajratilgan bir nechta loyihalarni borib oʻrganganimizda atrofiga baland qilib devor oʻrab olgani, boshqa amaliy ishdan darak yoʻqligini koʻrdim, – dedi viloyat hokimi. – Surishtirsangiz, bahonasi koʻp, gapi koʻp. Ammo, fakt shuki, faloncha ish oʻrni yarataman, faloncha investitsiya kiritaman, falon bino quraman, deb berilgan vaʼdalar bajarilmagan. Afsuski, mana shunday holatlarni kompleks oʻrganib, tanqidiy-tahlil qilish mexanizmi ishlamayapti.
Yigʻilishda viloyat hokimi shuningdek, issiqxona qurishga yer ajratilgani va ajratilayotgani, biroq amalda ishlar boshlanmagani, bu kabi holatlar viloyat aholisining boy berilgan imkoniyati ekaniga alohida eʼtibor qaratdi.
Yerni amaldagi qonunchilikka muvofiq ajratish, undan maqsadli foydalanishni nazorat qilish lozimligi qayd etilib, ushbu jarayon tajriba tariqasida Boʻstonliq tumanidan boshlanishi maʼlum qilindi. Bu borada maxsus ishchi guruh 2015-2019-yillar mobaynida Boʻstonliq tumanida jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan yer maydonidan maqsadli foydalanilganlik holatini oʻrganadi.
Yigʻilishda fuqarolar murojaati bilan ishlashda sustkashlikka yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishli rahbarlar ogohlantirildi.