Yer va kadastr nazorati: ijro va tahlillar
Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan ushbu tizimlarda olib borilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tizim inspektorlari tomonidan yer nazorati bo‘yicha olib borilgan tadbirlar natijasida viloyat miqyosida 1 ming 430 ta holatda 741 gektar yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha huquqbuzarlarning barchasiga ogohlantirish xatlari berilgan. Shundan 1 ming 11 ta holat ixtiyoriy bartaraf etilib, 536 gektar yer maydoni o‘z holiga qaytarildi, 192 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi va shundan 81 tasi qanoatlantirilib, 16 tasi rad etilgan, 95 tasi o‘rganish jarayonlarida, 20 ta holat bo‘yicha qo‘shma tartib asosida prokuratura organlariga ma’lumotlar kiritildi.
Bundan tashqari, 2022 yilning ortda qolgan davri mobaynida 1 ming 286 huquqbuzarga nisbatan jami 6 milliard 786 million 744 ming so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
– Jarimalarning 743 tasidan 1 milliard 385 million 474 ming so‘m qismi kadastr organlari tomonidan undirildi, – deydi Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Nurali Mamasiyayev. – Amaldagi tartib bo‘yicha 15 kunlik muddatda to‘lovni amalga oshirgan huquqbuzarlarga nisbatan 337 million 292 ming so‘m 30 foizlik imtiyozlar qo‘llanildi.
To‘lanmay turgan 5 milliard 63 million 978 ming so‘mlik jarimaning muddati o‘tgan 416 tasidagi 3 milliard 344 million 468 ming so‘mlik qismi majburiy undiruvga qaratildi va majburiy tartibda 104 ta holatda 336 million 790 ming so‘m mablag‘ undirildi.
Yer va ko‘chmas mulklarni hisobga olish yo‘nalishida viloyatda jami 2 ming 118 gektarga yaqin maydondan 1 ming 372 gektaridan ortiqroq yerning “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi”da elektron xaritasi yaratilib, kadastr axborot tizimiga kiritilgan. Shundan 1 ming 43 gektardan ortiq yerdan foydalanuvchilar kesimida kadastr yig‘ma jildlari shakllantirilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va 1 ming 205 gektardan ziyod yer uchastkalaridan haqiqatda foydalanib turgan sub’ekt “foydalanuvchi” sifatida hisobga olingan.
Bo‘sh yerlarni auksionga chiqarishda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan yangi tartib joriy etilgandan keyin “YERELEKTRON” tizimiga 7 ming 594 ta 149,2 gektar yer uchastkalari kiritilib, vakolatli organlar tomonidan ijobiy xulosa berilgach 4 ming 621 ta jami 67,9 gektarlik yer uchastkasi “E-auksion” orqali auksion savdoga chiqarilgan.
[gallery-9865]
Boshqarma filiallari tomonidan “Uzkad” tizimi orqali tuman hokimliklari nomiga jami 1 ming 996 ta salkam 29 ming 982 gektar zaxira yerlari, shu jumladan, 1 ming 87 tasi yoki 12 ming 435 gektardan ortiq suvli yerlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
“O‘zdaverloyiha” tomonidan 17 ming 55 ta 24 ming 77 gektarga yaqin, shundan dehqon xo‘jaliklari uchun 16 ming 728 ta 8 ming 767 gektardan ortiq yer maydonlari lotga ajratilib, kelishish uchun yuborilgan.
Shartnoma asosida “Bekobod sement”, “Janubiy Mirzacho‘l” kanallaridan foydalanish, “Nasos stansiyalari” va “Statistika” boshqarmalari bilan shartnoma asosida topogeodeziya ishlari bajarilib “topo-xarita”lar shakllantirilgan.
Anjuman so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA