Yer uchastkasiga huquqni e’tirof etishdagi bir martalik to‘lovni bo‘lib to‘lash mumkin
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ishlarini yanada tezlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov qayd etganidek, mazkur loyiha bilan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi hamda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish tartibini hamda soliq qarzdorligi tushunchasini aniqlashtirish, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lashni amalga oshirish tartibi va shartlarini belgilash hamda huquqlarni e’tirof etish ishlari bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada “soliq qarzdorligi”ga oid takrorlanishlarni bartaraf etish maqsadida asosiy tushunchalarga alohida “yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik” tushunchasi kiritilib, unda soliq qarzdorlik – bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshadigan qismi etib ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, qurilishi taqiqlangan hududga qisman tushgan ob’ektlar uchun ham yechim berilmoqda. Ya’ni, bino va inshootlar qurilishi taqiqlangan hududda joylashgan bo‘lsa, uni to‘liq rad etmasdan taqiqlangan hududga tushgan qismni chegirib tashlab, qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yer uchastkalarida qurilgan binolar va inshootlarning kosmik suratlari borasida oxirgi ikki yildagi surati e’tiborga olinishi belgilanmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlari e’tirof etilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etadi. Inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA