Yer uchastkalari tanlov asosida beriladi
Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.Mazkur hujjatda biznes muhitni yanada yaxshilash, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish vazifasi qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib qurilish sohasida tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida 2015-yil 7-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibotlarini va qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda qurilishning barcha bosqichlarida – shaharsozlik hujjatlarini tayyorlashdan boshlab obyektlarni foydalanishga topshirishgacha tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartibotlari doirasida yagona qoida va talablar belgilandi.
– Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarining tanlov asosida berilishi ushbu sohada sog‘lom raqobat muhiti yaratilishiga yo‘l ochadi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Anvar Ikromov. – Foydalanilmayotgan yerlar bo‘yicha tanlov e’lon qilinishining o‘zi sohada oshkoralik, shaffoflik ta’minlanishi, bu byurokratik to‘siqlar barham topishiga zamin yaratadi. Hukumat qarori mohiyatida ham tadbirkorlik subyektlariga teng raqobat sharoitlarini yaratish, qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnomalar berish mexanizmini yanada takomillashtirish nazarda tutilgani shu maqsadga xizmat qiladi.
Qaror asosida 2016-yil 1-yanvardan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalari faqat tanlov asosida beriladi. Aholi punktlarida joylashgan bunday yerning maydoni 1 gektargacha va 1 gektar etib belgilandi. Tanlov asosida beriladigan yer uchastkalarining ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan shakllantiriladi.
Qaror bilan “Yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibi to‘g‘risida” hamda “Tanlov asosida berilgan yer uchastkalaridagi obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnoma berish, shuningdek obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomlar tasdiqlandi.
Tanlov asosida beriladigan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantirishda ulardan foydalanishning maqsadi, ularning maydoni va joylashgan joyi ko‘rsatiladi. Bu yerdan oqilona, maqsadli foydalanishni ta’minlab, uni haqiqiy egasiga berishni kafolatlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari har yili 1-aprelgacha va 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda yer uchastkalari berish bo‘yicha materiallarni tayyorlaydi va ularni vakolatli tashkilotlar bilan kelishadi.
Er uchastkasi berish bo‘yicha materiallarni vakolatli tuman (shahar) organlari va boshqa shaxslar bilan kelishish 10 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi. Yer uchastkalari berish bo‘yicha materiallarni kelishishda vakolatli tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etishga doir talablarni belgilash taqiqlanadi.
Er uchastkalari bo‘yicha tanlov haqida dastlab ommaviy axborot vositalarida e’lon beriladi. Tanlovga talabgorlardan takliflar va zarur hujjatlar qabul qilinadi. Unda yer uchastkasida quriladigan obyektning fasadlarini va bosh rejasini o‘z ichiga oluvchi loyiha eskizi, ishlab chiqarish mo‘ljallanayotgan mahsulot turi, hajmi va assortimenti yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar turi bo‘yicha takliflar bo‘lishi shart. Talabgor loyihani o‘z mablag‘i yoki kredit resurslari hisobiga moliyalashtirishiga oid ma’lumotlarni ham taqdim etishi kerak.
Tushgan takliflar tegishli komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi. Bunda tanlov komissiyasi tanlov o‘tkazish jarayonini nazorat qilish, talablarning birligini va tanlov natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishning xolisonaligini ta’minlashga mas’uldir. Qonun hujjatlari talablari buzilgan, til biriktirish va tanlov o‘tkazish tartib-qoidasini buzadigan boshqa oldindan ko‘rilmagan holatlar aniqlangan taqdirda, tanlov o‘tkazish to‘xtatiladi.
Bu jarayonda talabgorlarning tanlovga qo‘yilgan yer uchastkasi bilan tanishishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Ular taqdim etiladigan hujjatlarning namunalari bilan ta’minlanadi va hujjatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlarga mutaxassislar ko‘maklashadi.
Tanlov takliflari qayd etilgan konvertlarning birinchi nusxalari tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan kun va soatda ochiladi. Konvertlarning ikkinchi nusxalari «Ko‘chmas mulk savdo xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyatining hududiy filialida saqlanadi va takliflarning mazmuni bo‘yicha nizolar yuzaga kelgan taqdirda ochiladi.
Eng yaxshi taklifni ilgari surgan talabgor tanlov g‘olibi, deb e’tirof etiladi. Tanlov natijalari tegishli axborot resurslarida e’lon qilinadi.
O‘tkazilgan tanlov natijalari to‘g‘risidagi protokol rasmiylashtirilgandan keyin bir ish kuni mobaynida tegishli tuman (shahar) hokimiga taqdim etiladi. Hokim besh kun mobaynida yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Tanlov g‘olibi bilan tanlov predmeti qiymatini va boshqa to‘lovlarni to‘lashga, obyektni hujjatlarning texnik qismi talablariga muvofiq qurishga oid tanlov majburiyatlarini bajarish yuzasidan shartnoma tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi «Ergeodezkadastr» davlat qo‘mitasining tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi qarorni olingandan keyin 2 kun mobaynida yer uchastkasi ajratishga doir materiallar asosida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Tanlov g‘olibiga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani beradi. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tanlov g‘oliblari tomonidan ariza berilishiga va qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishiga oid talablar belgilash taqiqlanadi.
Xulosa qilib aytganda, kelgusi yildan boshlab ishbilarmonlar tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun o‘zi yer qidirib yurishiga hojat qolmaydi. Barcha hududlardagi aholi punktlarida foydalanilmayotgan yer uchastkalariga oid ma’lumotlar matbuotda e’lon qilib boriladi. Endi tadbirkor o‘ziga maqbul yer uchastkasini tanlab, uni olish uchun tanlovda ishtirok etadi. Bu qulaylik biznes subyektlari yanada ko‘payishi va rivojlanishiga, pirovardida iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga, aholi turmush farovonligining yanada oshishiga xizmat qiladi.