Yer nazorati bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalar ortmoqda
Oxirgi paytlarda yerlarni o‘zboshimcha egallamaslik, ulardan maqsadsiz foydalanmaslik, tegishli hujjatlarsiz qurilishlar qilmaslik bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay fuqarolar tomonidan qonun talablarini chetlab o‘tish holatlari kuzatilishida davom etmoqda.
Xususan, Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yil boshidan yer va kadastr sohasiga oid jami 2 ming 551 ta holatda ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan 508 ta holatda yerlar o‘zboshimchalik bilan egallangan, 268 ta holatda o‘zboshimcha egallagan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirilgan, 16 ta holat sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, 509 ta holatda yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish kuzatildi. 1 ming 257 ta holatda esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etilmagan. Ma’muriy javobgarlikka tortilganlarning 434 nafari mansabdor, 2 ming 117 nafarini jismoniy shaxslar tashkil etmoqda. Qonunchilikka muvofiq esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirilgan bitimlar haqiqiy hisoblanmasligi, jismoniy hamda yuridik shaxslar tegishli huquq paydo bo‘lgandan keyin 1 oy ichida ko‘chmas mulk davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali yoki ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga murojaat qilinadi.
A. Musayev, O‘zA.