Yer kuni munosabati bilan Farg‘onada amaliy tadbirlar va muhim uchrashuvlar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
22-aprel — Butunjahon Er kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyatida qator tadbirlar tashkil etildi. Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari Farg‘ona davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazgan ushbu tadbirlar yoshlar faolligini oshirish, atrof-muhit muhofazasiga e’tiborni kuchaytirishga qaratildi.
Tadbirlar sport musobaqalari bilan boshlandi. Kadastr sohasi xodimlari va talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan mini-futbol bahslari qiziqarli va murosasiz kechdi. Yakunda Farg‘ona davlat texnika universiteti jamoasi g‘olib deb topilib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hudud ekologik muhitini yaxshilashga munosib hissa qo‘shildi.
Tadbirlar doirasida kadastr sohasidagi zamonaviy texnologiyalar ko‘rgazmasi hamda “Karera kuni” tashkil etildi. Unda yoshlarga sohadagi imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
[gallery-28948]
Ayniqsa, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tadbirning eng mazmunli qismi bo‘ldi. Unda Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Mashrapov, Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Rustam Tojiyev, Qo‘qon davlat universiteti vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Nodirbek Mashrapov barcha ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Shu bilan birga, yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Yer mening nigohimda” nomli video va rilslar tanlovi g‘oliblari ham munosib taqdirlandi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida kadastr boshqarmasi va universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirilib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA