YeCHL: “PSJ” va “Inter” Myunxenda bosh sovrin uchun raqobatlashadi
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining yarim final bosqichida so‘nggi javob o‘yinida “PSJ” va “Arsenal” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Parij shahrida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvda "PSJ" klubiga g‘alaba keltirgan gollarga Fabian Ruis hamda Ashraf Hakimi mualliflik qilgan bo‘lsa, "Arsenal" jamoasining yagona golini Bukayo Saka darvozaga kiritdi.

Shu tariqa, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “PSJ” umumiy 3:1 hisobidagi muvaffaqiyatga erishib, 1 iyun kuni Myunxen shahridagi “Alyans Arena” stadionida o‘tadigan final uchrashuvida "Inter"ga qarshi maydonga chiqadigan bo‘ldi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “PSJ” va “Inter” bugunga qadar Yevropa chempionlar ligasida o‘zaro to‘qnash kelmagan. Bu jamoalar 4 ta o‘rtoqlik o‘yinida raqobatlashgan bo‘lsa, bir marotaba xalqaro kubok musobaqasida uchrashgan. Umumiy 5 o‘yinda “PSJ” 3 ta, “Inter” esa 1 ta g‘alabaga erishgan. Qolgan bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Jamoalar so‘nggi bora 2023 yilda tashkil etilgan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgan. Unda “Inter” 2:1 hisobida g‘olib bo‘lgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA